Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni 2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat yo‘l, energetika, ta’lim, transport, kommunal xo‘jalik, suv, ekologiya va boshqa sohalardagi DXSH loyihalarini o‘z ichiga oladi.

2024−2026-yillarda jami 11,65 milliard dollarlik 17 ta ustuvor loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ular orasida qariyb 97 million dollarga 14 ming o‘rinli 13 ta maktabni qurish va jihozlash ham bor. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va viloyatida amalga oshiriladi. Tenderning ikkinchi bosqichi joriy yilning sentabr oyida e’lon qilinadi, 2025-yilning iyuniga qadar esa g‘olib aniqlanishi va u bilan DXSH shartnomasi tuzilishi kerak.

Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar bilan birgalikda qariyb 570 million dollarga 66 ming o‘rinli 100 ta maktab qurish va jihozlash kutilmoqda. Potensial hamkorlar bilan muzokaralar dekabrgacha o‘tkazilishi, loyiha konsepsiyasi 2025-yilning iyun oyida ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi, avgust oyida hamkor tanlanishi, 2026-yilning fevralida esa DXSH kelishuvi imzolanishi kerak.

Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Farg‘ona viloyatida 800 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli klinika qurish rejalashtirilgan. Loyihaning taxminiy qiymati 306 million dollarga baholanmoqda. Loyiha konsepsiyasini sentabr oyida ishlab chiqish, tender esa 2025-yil fevral oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Kelgusi yil oxiriga qadar g‘olib e’lon qilinishi va u bilan DXSH shartnomasi tuzilishi kerak.

Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida 500 million dollarga 1175 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurish rejalashtirilgan. DXSH shartnomasini 2025-yilning martigacha tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 181 million dollarga baholanmoqda. 2025-yilning iyunigacha tender g‘olibi e’lon qilinishi va u bilan DXSH shartnomasi tuzilishi kerak.

Yangi Toshkent aeroportini qurish va uni ishonchli boshqaruvga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati 1,5 milliard dollarga baholanmoqda (ilgari bu ko‘rsatkich 1 milliard dollar deb e’lon qilingan edi). 2025-yilning oktabrigacha xususiy sherikni aniqlash, 2026-yil oxirigacha esa DXSH shartnomasini imzolash rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning may oyida Singapurning Changi Airports International kompaniyasi poytaxtdagi mavjud aeroport faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha konsultatsiya berishi, shuningdek, yangi aeroport qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga ko‘maklashishi xabar qilingan edi.

Kelgusi yilda Namangan, Andijon va Buxoro aeroportlarini ham boshqaruvga topshirish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Namangan shahridagi kanalizatsiya inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 96 million dollarga baholanmoqda. Qurilish ishlari 2025-yilning aprelida boshlanib, 2027-yilning may oyida yakunlanishi kutilmoqda.

OTB, shuningdek, Buxoro viloyatidagi issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga o‘tkazishga yordam beradi. Loyiha qiymati 122 million dollarga baholanmoqda. 2026-yil sentabr oyi oxirigacha tender g‘olibini e’lon qilish va u bilan DXSH shartnomasini tuzish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasi 1,1 milliard dollarga baholanmoqda. 2024-yil noyabr oyida xususiy sherik tanlash va tizimni unga boshqaruv uchun 2025-yil yanvarigacha topshirish rejalashtirilgan. Fransiyaning Suez loyihada qatnashmoqchi edi.

O‘tgan yilning noyabr oyida prezident viloyatda ichimlik suvi ta’minoti loyihasining birinchi bosqichini boshlagan edi. Bu bosqichda To‘palang suv omboridan suv Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib kelgan. Viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 70 foizga yetgan.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara va Buvayda tumanlari, Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hamda Buxoro viloyatining Kogon tumanida ham ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy sektor boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Loyihalarning umumiy qiymati 100 million dollarga baholanmoqda.

Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida 300 million dollarga 200 ta yirik nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, qurish va boshqarish ko‘zda tutilgan. Tenderlar g‘oliblarini 2026-yil oxirigacha e’lon qilish rejalashtirilmoqda.

Namangan viloyatida ham 2025-yilning iyuligacha 28 ta nasosni modernizatsiya qilish va ularni boshqaruvga o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 125 million dollarni tashkil etadi.

Avvalroq ayni shu hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Bundan tashqari, Toshkentdan Samarqand va Andijongacha bo‘lgan pullik avtomobil yo‘llari qurilishini boshlash rejalashtirilgan.

2025-yil oxiriga qadar OTB ko‘magida 75 million dollarlik 20 ming o‘rinli 100 ta bolalar bog‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash rejalashtirilgan.

Xususiy kompaniyalar bilan birgalikda har yili kamida 100 ta bolalar bog‘chasini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash kutilmoqda. Loyiha qiymati 335 million dollarni tashkil etadi.

2026-yilning birinchi choragiga qadar Andijon va Samarqand viloyatlarida DXSH ko‘magida 75 million dollarga 10 ming o‘rinli 15 ta maktab qurilishi va jihozlanishi kutilmoqda.

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida 75 million dollar miqdorida 10 ming o‘rinli maktablar qurish va jihozlash rejalashtirilgan.

2027−2030-yillarda xususiy tadbirkorlar bilan birgalikda kamida 100 ta maktab (jami 450 ta maktab) qurish rejalashtirilgan. Ularning umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga baholanmoqda.

YeTTB va boshqa tashkilotlar ko‘magida Toshkent shahrida oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun 17 ming o‘rinli yotoqxonalar qurish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 176 million dollarni tashkil etadi.

2027-yil oxirigacha Buxoro va Andijon viloyatlarida 250 million dollarlik ko‘p tarmoqli klinikalar qurish rejalashtirilgan.

Samarqand tibbiyot universiteti hududida 800 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli poliklinika qurilishi kerak. Narxi — 250 million dollar, amalga oshirish muddati — 2026-yilning ikkinchi choragi.

DXSH doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temiryo‘l vokzallarini modernizatsiya qilish ham rejalashtirilgan. Ular 2026-yil oxirigacha boshqaruvga o‘tkazilishi mumkin. Loyiha qiymati 50 million dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, gidroenergetika, issiqlik ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarida ham qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loyihalarning to‘liq ro‘yxati bilan qarorda tanishish mumkin.