Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ilgari surish, qonun ustuvorligi tamoyiliga so‘zsiz rioya etish terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning fundamental asosidir. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Toshkentda ochilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda MDH Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan qo‘shma konferensiyasi ishtirokchilariga murojaatida aytib o‘tdi.

O‘zbekistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasi keng qamrovli, inklyuziv va tizimli yondashuvga asoslanadi, dedi davlat rahbari.

Bu boradagi jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi, — dedi u.

Mamlakatda ham “yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda, “qaynoq nuqta”lardan qaytgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish choralari ko‘rilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Shavkat Mirziyoyev “geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” ta’kidladi.

U “noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilayotgani” va kibermakondagi xavf va muammolar ortib borayotganiga ishora qildi.

“Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari „onlayn manqurtlashtirish“ qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda”, — dedi prezident.

Shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanishi qayd etildi.

Qo‘shma konferensiya kun tartibidan ilg‘or milliy tajribalarni o‘rganish, terrorizmga qarshi hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, ilm-fan va ta’lim almashinuvi, ekstremizm va radikalizm mafkurasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta’sirchan vositalarni shakllantirish, pul “yuvish” va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha vazifalar o‘rin olgan.

Payshanba kuni O‘zbekistonda ilk bor “Sharq-Aksilterror-2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Shavkat Mirziyoyev ular “xavfsizlikka umumiy tahdidlarga qarshi kurashda maxsus bo‘linmalarning amaliy hamkorligini kengaytirish va salohiyatini oshirishga” xizmat qilishiga ishonch bildirdi.