O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi. Bu “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilab qo‘yildi.

Farmonga ko‘ra, eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashda:

  • soliq to‘lovchilardan O‘zbekiston bojxona hududidan o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga jo‘natilganligini tasdiqlovchi belgisi qo‘yilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;
  • bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.

Asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlar importiga oid kontraktda ularni yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq etib belgilangan bo‘lsa, mazkur operatsiya bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda ko‘rsatilgan yetkazib berish muddati e’tirof etiladi.

2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-oktabrdan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yil 1-yanvargacha har oyning 25 sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:

  • 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga to‘langan QQSning 40 foizi;
  • 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga to‘langan QQSning 20 foizi;
  • turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga — budjetga to‘langan QQSning 20 foizi.

2024-yil 1-noyabrdan barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi.

2025-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.

2025-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfini aniqlash bo‘yicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.