Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 14-maktabda soliq organi xodimlari tomonidan maktab o‘quvchilariga yer va mol-mulk soliqlarini to‘lash to‘g‘risida eslatmalar berilgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirda xodimlar 2-sinf o‘quvchilarini yangi o‘quv yili bilan tabriklab, tuman soliq inspeksiyasidan kelgani, bolalarga ota-onalari soliqlarini vaqtida to‘lashi kerakligini eslatib, ularga eslatma xati tarqatgan.

“Sizlarga iltimos, eslatma. Hammalaring ota-onalaringga olib borasizlar, yashab turgan uy-joylaringning mol-mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib yoki telefondagi „Soliq“ ilovasidan foydalanib to‘lashlari kerak. Iltimos qilasizlar. Hozir tarqatib chiqadi. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib soliqqa hisoblab to‘laydi. Bir yilda soliq, masalan, ikkiga bo‘lib to‘lanadigan bo‘lsa, [bir qismi] 15-aprel, qolgan yarmi 15-oktabrga qadar, deb aytib o‘tilgan. Iloji bo‘lsa, shu oydan soliqlarni hisoblatib, to‘lab kelish talab etiladi. Tushundinglarmi? Iltimos sizlardan”, — deydi xodim.

Xodimlar, shuningdek, bolalarga konstitutsiyaning 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliq va yig‘imlarni to‘lashi shart, deb aytilganini ta’kidlagan.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirarkan, buni noo‘rin deb hisoblashi va keskin qoralashini ma’lum qildi.

“Davlat soliq xizmati organlari bunday xatti-harakatlarni noo‘rin, deb hisoblaydi va keskin qoralaydi. Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi va barcha hududiy soliq organlari xodimlariga ogohlantirishlar berildi”, — dedi qo‘mita matbuot kotibi Dildora Hoshimova.

Bolalar ombudsmani idorasi esa bola manfaatlari buzilishiga oid ushbu holatni o‘rganayotganini bildirdi.

“Maktab o‘quv jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan begona shaxslarni ta’limga oid tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi — mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat”, — dedi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar o‘z ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas.

“Bu bolaning konstitutsiya va qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga ziddir. Bunday nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga tegishli tarzda chora ko‘rilishi shart”, — deya qo‘shimcha qildi u.