Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayta qurilayotgan “Toshkent-Sharqiy” aeroportida dastlab 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilgan. Bu orqali u eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi, deb ta’kidlanadi xabarda. Ayni paytda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar qurilmoqda.

prezident, тошкент-шарқий aeroporti

Bundan tashqari, aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.

Shu yerda prezidentga terminallarning tashqi va ichki ko‘rinishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Davlat rahbari binolarning fasad qismi milliy dizaynda bo‘lishi, pardozlash va jihozlashda issiq ranglarga ko‘proq o‘rin berilishiga ahamiyat qaratdi. Yuqori martabali mehmonlarni kutib olish, uchrashuvlar o‘tkazish uchun barcha qulayliklarni inobatga olish zarurligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston 24” reportajidan lavha“O‘zbekiston 24” reportajidan lavha

Xabarda aytilishicha, mazkur aeroport “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Olimpiya shaharchasi bilan yonma-yon. Ushbu majmualarni va yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish, gullar ekib, xalq madaniyatini namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

prezident, тошкент-шарқий aeroporti

Ma’lumot uchun, loyiha prezidentning 2017-yil 30-iyundagi qaroriga binoan qariyb 7 yil davomida bajarib kelinmoqda. Ilgari aerodromda joylashgan harbiy-transport aviatsiyasi boshqa hududga ko‘chirilgandi.

Loyihani amalga oshirayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2018-yil dekabr oyida uning birinchi bosqichi yakunlanishi 2020-yilga mo‘ljallanayotganini ma’lum qilgandi. Biroq uni butunlay ishga tushirish vaqti haqida hozirgacha ma’lumot berilmagan.

prezident, тошкент-шарқий aeroporti

O‘tgan yil iyulida Shavkat Mirziyoyev qariyb “Toshkent-Sharqiy” biznes aviatsiyasi aeroportiga tashrif davomida loyihani “juda jiddiy va tanqidiy” qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergandi. Hududda yana bir terminal qurish va aerovokzal loyihasini qayta ko‘rib chiqish buyurilgandi.

prezident, тошкент-шарқий aeroporti

Jarayon davomida umumiy maydoni 693 gektarni tashkil etgan “Toshkent-Sharqiy” aeroporti 130 gektarga qisqartiriladi. Buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari kamayishi reja qilinmoqda.

“Gazeta.uz” manbalariga ko‘ra, aeroport kelgusi yilning birinchi yarmida ochilishi mumkin.