Braziliya Oliy sudi 30-avgust kuni butun mamlakat bo‘ylab X (sobiq Twitter) faoliyatini to‘xtatib turishni buyurdi. Bunga platforma egasi, amerikalik milliarder Ilon Maskning mamlakatda ijtimoiy tarmoqning yangi rasmiy vakilini tayinlashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar qonuniy vakillikka ega bo‘lishi kerak. X 17-avgust kuni Oliy sud sudyasi Aleksandre de Morayes foydalanuvchilarni bloklash bo‘yicha buyruqlarni bajarmagani uchun mahalliy vakillarini jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilganidan so‘ng ofisini yopdi, deya tushuntirdi CNN. Gap onlayn dezinformatsiya va nafrat nutqi tarqalishiga oid keng ko‘lamli tergov doirasida bir nechta X akkauntlarini blokirovka qilishni o‘z ichiga olgan Oliy sud qarorlari haqida bormoqda.

X “Braziliya ijtimoiy tarmoqlarida, shu jumladan, 2024-yilgi munitsipal saylovlar paytida to‘liq jazosizlik va qonunsizlik muhitini yaratishga” hissa qo‘shmoqda, deb yozdi de Morayes qarorida kompaniya bir necha bor ataylab sud qarorlarini hurmat qilmagani bildirib.

“Ekstremistik guruhlar va raqamli kuchlar” platformadan “natsistik, rasistik, fashistik, nafrat va antidemokratik nutqlarni ommaviy ravishda tarqatish” uchun foydalanmoqda, deya qo‘shimcha qildi sudya.

De Morayesning aytishicha, platforma barcha talablarga javob bermaguncha Braziliyada bloklanganicha qoladi. Sud Braziliya aholisi va kompaniyalariga VPN orqali X’dan foydalanganlik uchun kuniga 50 ming real (8 900 dollar) miqdorida jarima belgiladi.

Sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng Mask de Morayesni tanqid qilib, uni mamlakatda so‘z erkinligini bo‘g‘ishda aybladi. “So‘z erkinligi — demokratiyaning asosi, Braziliyada esa saylanmagan psevdosudya uni siyosiy maqsadlar yo‘lida yo‘q qilmoqda”, — deb yozdi u.

Bundan tashqari, Braziliya Oliy sudi X bilan bog‘liq huquqiy nizolar doirasida qo‘yilgan jarimalar to‘lanishini ta’minlash uchun Maskka tegishli bo‘lgan Starlink internet provayderining bank hisoblarini blokirovka qilishni buyurdi.

Starlink dastlab sudning X’ga kirishni cheklash haqidagi qaroriga rioya qilmasligini aytdi, biroq keyinchalik “yo‘nalishni o‘zgartirdi” va ijtimoiy tarmoqni bloklashga rozi bo‘ldi, deb yozadi Financial Times.

Nashrning qayd etishicha, X taqiqi Braziliya jamoatchiligida turli reaksiyalarga sabab bo‘ldi. O‘ng siyosatchilar de Morayesning qarorini qoralab, uni “avtokrat” deb atagan bo‘lsa, so‘l siyosatchilar, jumladan, Braziliya prezidenti Lula da Silva taqiqni Braziliya suverenitetini ta’minlashdagi muhim qadam sifatida qo‘llab-quvvatladi.

“Braziliya adliya tizimi, ehtimol, dunyo Maskning boy bo‘lgani uchungina xohlaganini qilishiga ruxsat beradigan o‘ta o‘ng yondashuvini qabul qilishi shart emasligi haqida muhim signal yubordi”, — dedi Lula.