Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 4-sentabr kuni yetti nafar sobiq talaba shikoyatidan so‘ng Central Asian University (sobiq Akfa universiteti) ustidan ish ochganini ma’lum qilgandi. Universitet holatga munosabat bildirdi.

Qo‘mita xabarida aytilishicha, 2022-yil yanvar oyida universitetda 2022/2023 o‘quv yili uchun, jumladan, Tijorat huquqi yo‘nalishi bo‘yicha talabalarni qabul qilish bo‘yicha e’lon berilgan. Shu bilan birga, qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur soha universitetga berilgan nodavlat ta’lim xizmatlari sohasidagi faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga kiritilmagan.

Shunga qaramay, 12,5 million so‘mdan 25 million so‘mgacha bo‘lgan kontrakt to‘lagan holda talabalar o‘qishga qabul qilingan. Murojaat qilgan 7 nafar talaba uchun jami mablag‘ 167,5 million so‘mni tashkil etadi.

2023-yil avgust oyida talabalarga Tijorat huquqi yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmagani sababli keyingi 2023−2024 o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklda davom ettirish yoki Xalqaro biznes ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan.

Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan. Biroq universitet bugungi kunga qadar kontrakt pulini qaytargani yo‘q, dedi qo‘mita. Universitetga ko‘rsatilgan yetti nafar talaba va boshqa talabalarning so‘rovlarini qayta hisoblab chiqish buyurilgandi.

5-sentabr kuni Markaziy Osiyo universiteti joriy vaziyatni tushuntirib bayonot e’lon qildi.

Xabarda aytilishicha, rostdan ham 2022/2023 o‘quv yilida mazkur universitet ta’lim faoliyatining ushbu turi uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, Tijorat huquqi fakultetiga abituriyentlar qabul qilgan.

“Ushbu holat aniqlanishi bilanoq universitet ma’muriyati tomonidan talabalar va ularning ota-onalari zudlik bilan xabardor qilinganlar. Xohish bildirgan talabalarga universitetning boshqa yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish taklif etildi, shuningdek, o‘qishni davom ettirishdan voz kechgan shaxslarga to‘langan mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rildi. O‘qishni davom ettirishni tanlagan talabalar pul mablag‘larini qaytarib olishmadi, chunki ularning ta’limni davom ettirish huquqi universitet tomonidan tan olingan va ular boshqa yo‘nalishda o‘qishni davom ettirmoqdalar”, — deyiladi xabarda.

“Bugungi kunga qadar universitetga murojaat qilgan 20 nafardan ortiq talabaga pul mablag‘lari qaytarildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan bir necha talabaning shikoyatlari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan masalaga to‘xtaladigan bo‘lsak, ulardan pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha so‘rovlar kelib tushmaganligini ma’lum qilamiz. Aks holda, ularga belgilangan ichki tartib-qoidalarga muvofiq to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lar edi”, — deyiladi universitetda.

Markaziy Osiyo universiteti Raqobat qo‘mitasi qarorini ijro uchun darhol qabul qilgani va sobiq talabalar pullarini qaytarib olayotgani haqida xabar berdi.

“Central Asian University qonun doirasida to‘liq shaffoflik va professionallik bilan faoliyat yuritadi, shuningdek, o‘z faoliyatida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar uchun har doim javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor”, — deya ta’kidlagan universitet talabalarni har qanday ziddiyat, noaniqliklar va qonun buzilishlari yuzasidan universitetning o‘ziga murojaat qilishga chaqirdi.