5-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tumani sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi sobiq rahbari Husniddin Karimovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi, deb xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.

Qo‘shma ish bo‘yicha jami 50 nafar shaxs ayblanmoqda, ulardan 29 nafari qamoqqa olingan, qolgan 21 nafariga nisbatan garov va munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan:

  • 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 168 (Firibgarlik);
  • 184 (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);
  • 185−2 (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish);
  • 189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish);
  • 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 28,209 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari, Mansab soxtakorligi);
  • 209 (Mansab soxtakorligi);
  • 211 (Pora berish);
  • 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
  • 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish).

aziz voitov, husniddin karimov

Daryo’ning xabar berishicha, advokatlardan biri Temur Rahmatov ma’lum bir nashr Aziz Voitovning ishi allaqachon sudda ko‘rib chiqilgani va u 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganini ma’lum qilgan.

Sudya Sardor Sodiqov jurnalistlar va advokatlarga murojaat qilib, jarayonning shaffofligini ta’minlash zarurligini, biroq sudlanuvchilarning huquqlari buzilmasligi kerakligini aytdi. Jurnalistlar sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi shart, dedi u.

Yana bir advokatning aytishicha, sudda qatnashayotgan jurnalistlar “xorijliklar agenti” bo‘lishi mumkin va “ularga sudni yoritishni taqiqlash kerak”. Sudya sud majlisiga OAV vakillari hujjatlar asosida kiritilgani va ular qaysi nashrlardan ekanini bilishini qayd etdi.

Ayblanuvchilardan biri OAVni “ko‘rishga ko‘zi yo‘qligini”, chunki “sobiq vazir masalasiga oid ishlar internetda yozilganidan so‘ng uni ham qamab qo‘yishganini” aytdi. “Yetti oy oldin tergov boshlangan paytda qayerda edingiz?” — dedi u.

Unga OAV tergov jarayoniga xalal bermasligi va tergov yakunlanmaguncha bu haqda yozish mumkin emasligi tushuntirildi.

Navbatdagi yig‘ilish 6-sentabr kuni soat 15:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi binosida bo‘lib o‘tadi, unda advokatlar va sudlanuvchilarning OAV vakillarining jarayonda ishtirok etishi haqidagi iltimosnomalari ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng sudya jurnalistlarga foto, video va audiomateriallar olishga ruxsat berish yoki yo‘qligini hal qiladi.

aziz voitov, husniddin karimov

Eslatib o‘tamiz, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov 2023-yil dekabrida qamoqqa olingan edi. oktabr oyi oxirida ishdan bo‘shatilganidan keyin Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgan.

Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktabriga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan (uning o‘rnini Ibrohim Abdurahmonov egallagan). Bungacha, 2020-yilning mart oyidan boshlab u investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.