Andijon tumanida Damas haydovchisi 32 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotganda to‘xtatildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Viloyat YHXBning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, voqea 4-sentabr kuni tumanning Katta guzar mahallasida yuz bergan. Haydovchi bolalarni to‘plab, 3 km naridagi oilaviy bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan, mashina oynasida “Bolalar” yozuvi aks etgan.

damas, bolalar

“Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Yo‘l harakati qoidalarining 26-bobi (Odam tashish) 159-bandida ko‘rsatilgan qoidabuzarlik (Odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq bo‘lganda) uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Kelgusida bu holatni qayta sodir etmasligi uchun profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi”, — deydi viloyat YHXB axborot xizmati bo‘lim boshlig‘i Abdumajid Raimjonov.

Aniqlik kiritilishicha, avtomobil jarima maydoniga joylashtirilmagan. Haydovchiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (BHM — 375 ming so‘m)ning ikkidan bir qismi miqdorida (187,5 ming so‘m) jarima belgilangan.

damas, bolalar

Boshqa holatlar

Yosh bolalarni, ba’zan kattalarni ham mashinalarda, ko‘p hollarda Damas mashinasida belgilanganidan ortiq miqdorda tashish kuzatilib turadi. Jumladan, Buxoroda Spark`da 25 nafar bola, Namanganda Damas`da 25 nafar bog‘cha bolasi, Farg‘onada Damas`da 28 nafar bog‘cha bolasi, Samarqandda Damas avtomobilida 18 nafar yo‘lovchi — kattalar va bolalar, Surxondaryoda esa Damas avtomashinasida 25 bola tashilgani aniqlangan.

Shu yilning aprel oyida ham Qarshi shahrida Damas 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.