O‘zbekistonda maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozorda sotish hisobiga rivojlanmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

2023-yilda ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tashqi bozorda ko‘plab tarif va notarif to‘siqlar mavjud, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.

Yirik uzelli yig‘ish avtomobillarni yig‘ish texnologiyasi bo‘lib, bunda yig‘ish joyiga ishlab chiqaruvchi zavoddan to‘liq tayyor butlovchi qismlar ko‘pincha yirik uzellar shaklida yetkazib beriladi.

Shavkat Mirziyoyev bundan buyon qo‘shni bozorlarni texnologiyalar, malakali mutaxassislar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Prezident qo‘shni bozorlarda milliy brend ostida kamida 15 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, o‘tgan yetti yilda sohaga yo‘naltirilgan investisiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi, buning natijasida 762 yangi korxona ishga tushirilib, 45 turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Mahsulot ishlab chiqarish 1,8 barobar, daromadi 100 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan korxonalar soni 6 tadan 25 taga, bu boradagi soliq tushumlari hajmi esa 8 barobar oshdi.

O‘zbekistondan elektr jihozlari eksporti 1 milliard dollarga yetib, sanoat sohasida to‘qimachilikdan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Prezident mamlakatda smart karta, generator, telekommunikatsiya vositasi, ofis texnikasi kabi yana bir qator elektrotexnika mahsulotlarini chiqarish imkoniyati borligini ta’kidladi.

U mintaqaviy bozorning 5 milliard dollarlik salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini aytdi.

Hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga qattiq kirishgan sharoitda yagona yo‘limiz — sifatni ta’minlash va tannarxni tushirish orqali mahsulotimiz raqobatdoshligini oshirishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozir elektrotexnika eksportining to‘rtdan bir qismini mis sim kabi past qo‘shilgan qiymatli tovarlar tashkil etadi. Kabellarning 80 foizi qurilishda ishlatiladi, faqat 4 ta zavod avtomobilsozlik uchun kabel ishlab chiqaradi.

Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi. Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.

Yangi korxonalar “sanoat ipotekasi” asosida tayyor binolarni, shuningdek, mulk va foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar olishlari mumkin bo‘ladi.

Yil oxirigacha misni chuqur qayta ishlash hajmini 60 foizga, 2025-yilda esa 75 foizga yetkazish, qo‘shimcha qiymatni 1 tonna misdan 1000 dollarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, 1-fevraldan muzlatkichlar, radiatorlar, changyutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va boshqa jihozlarni O‘zbekistonga olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari yoki rasmiy dilerlari talab qilinadi. Shu bilan birga, ular servis ham ko‘rsatishlari kerak.

Polaris Technologies, Quality Device, Future Industry Systems, Quality Electronics, Techno Continental, Next Generation Product (ba’zi korxonalar tugatilgan va boshqa nom ostida ochilgan, ammo ularning ta’sischilari Artel Electronics), Biss Electronics System (Qarshida S Smart televizorlari ishlab chiqaradi), Sam-Ferri (Femas brendi ostida maishiy texnika, muzlatkichlar va Kleo sovitish uskunalari va boshqalar ishlab chiqaradi) va boshqalarni o‘z ichiga olgan O‘zbekistondagi 31 ta maishiy elektr mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari “O‘zeltexsanoat” saytida assotsiatsiya a’zolari sifatida ko‘rsatilgan.