Sankt-Peterburg shahridan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 14 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar bergandik. Ular orasida tug‘ilganidan beri davolanayotgan 7 oylik qiz ham bor edi, deya xabar berdi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bolalar ombudsmaniga Buxoro viloyatida yashovchi M.T. (ayol) murojaat qilgan. O‘z murojaatida M.T. va turmush o‘rtog‘i O.N. Rossiya Federatsiyasida bo‘lish muddati tugaganligi sababli 2024-yilning 28-aprel kuni O‘zbekistonga qaytib kelishga majbur bo‘lgani, ammo 3 oylik farzandi M.Z. (2024-yilning 25-yanvarda tug‘ilgan qiz bola) Sankt-Peterburg shahridagi bolalar shifoxonasida ota-ona g‘amxo‘rligisiz yolg‘iz qolganini bildirgan.

Shuningdek, hozirda davolash jarayoni tugagan bo‘lsada, ayol farzandini O‘zbekistonga olib kelish moddiy imkoniga ega emasligini bildirib, bolani O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, M.T.ning farzandi tug‘ilish vaqtidan avval va juda kichik vaznda bir necha yurak kasalliklari bilan tug‘ilib, shu sababdan tug‘ilganidan beri Sankt-Peterburgdagi mazkur muassasada shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan va davolash jarayonida yuragida operatsiya qilingan.

Shu bilan birga, kasalxona ma’muriyati bildirishicha, bolaning 8 oy davomida davolanishi muolajalari va operatsiya uchun ota-ona tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan. Sankt-Peterburg shahridagi o‘zbek diasporasi qizaloqni davolanishi uchun kasalxonaga to‘lanishi joiz bo‘lgan mablag‘ning bir qismini to‘plagan bo‘lsada, zarur mablag‘ni to‘plashga hali ancha vaqt kerak bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Lekin, bunday murakkab vaziyatga ham yechim topilib, bolaning shifoxonada tibbiy muolajalari uchun to‘lov qisqa fursatda O‘zbekiston yirik tadbirkorlaridan bo‘lgan homiy tomonidan to‘lab berilgan.

Bolalar ombudsmani Sankt-Peterburgdagi qizaloqni O‘zbekistonga tez fursatda qaytarilishi yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun TIV va IIVga so‘rov kiritdi.

Shuningdek, davolanishdan keyin bola hali to‘liq tiklanmagani va aviaqatnov paytida sog‘lig‘ida muammolarni oldini olish maqsadida bolalar ombudsmani Sog‘liqni saqlash vazirligiga bolani O‘zbekistonga olib kelishda maxsus shifokor hamrohlik qilishida amaliy ko‘mak berilishiga oid so‘rov yuborgan hamda mazkur jarayon yuzasidan kuzatuv olib borib, bolaning oilasi bilan doimiy aloqada bo‘lgan.

1-sentabr kuni, Sankt-Peterburg shahridan vatanga qaytarilgan 14 nafar bola qatorida M.Z. Ichki ishlar vazirligi vakillari va shifokorlar hamrohligida O‘zbekistonga olib kelindi va ota-onasiga topshirildi. Endilikda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan bolaning sog‘lig‘ini saqlashga va oilaga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.