Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar qildi.

Taqdimotda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini 2024-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish taklif etildi.

Buning uchun 2024-yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilinadi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitiladi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanadi.

“Bu tizimning ahamiyati shundaki, tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq qilinadi. Sug‘urta doirasida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini boshqa hududlarda 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, tibbiy sug‘urta doirasida:

  • davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;
  • bemorlarni o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yo‘llash tizimi tashkil qilinadi. Bunda ushbu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi;
  • aholiga kafolatlangan paket doirasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha harakatlar

Prezidentning 2017-yil apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tegishli qonunni ishlab chiqish rejalari muhokama qilingandi.

Prezidentning 2018-yildagi qarori bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Davlat rahbari 2020-yilning noyabr oyida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Ayni shu hujjatga muvofiq, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilgan.

2022-yil dekabr oyida prezident o‘z murojaatnomasida davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jarayoni jadallashtirilishini va u 2023-yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishini ta’kidlagandi.

Yil boshida bu sana 1-iyul deb e’lon qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi iyul oyidan boshlab Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishni ma’lum qilgan. Shu maqsadda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Prezidentning sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda tibbiy sug‘urtani joriy etishni yakunlash muddati 2026-yil oxiri etib belgilandi. Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi 2024-yildan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkaziladi, 2027-yildan esa mustaqil jamg‘armaga aylanadi.