Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi mahalliy aholining tinch yig‘ilishlarni o‘tkazishga cheklovlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirishni so‘rab qilgan murojaatini ish yurituviga qabul qildi, deb xabar bermoqda Zakon.kz.

Xususan, sud “Tinch yig‘ilishlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qonunning ikki moddasining uchta kichik bandini tekshiradi. Ularga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat idoralari tinch yig‘ilishlarni o‘tkazishni rad etishi mumkin, agar rejalashtirilgan vaqt va joyda boshqa tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lsa yoki qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan bo‘lsa. Bunday hollarda hokimiyat “fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamoat xavfsizligini, shuningdek, transportning uzluksiz ishlashi va infratuzilma obyektlarining xavfsizligini ta’minlash” uchun tashkilotchilarga yig‘ilishni o‘tkazish joyi yoki vaqtini o‘zgartirishni taklif qilishi mumkin.

BES.media Qozog‘istonda mitinglar o‘tkazish “murakkab masala” ekanini, hokimliklar esa “ko‘pincha tinch yig‘ilishlar tashkilotchilariga, ayniqsa, mavzu hukumatga yoqmasa, rad javobini berishini” ta’kidladi. Nashrning tushuntirishicha, rad etish uchun turli sabablar, jumladan, hozirda Konstitutsiyaviy sudda muhokama qilinayotgan sabablar keltirilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2020-yil may oyida Tinch yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi — u 1995-yildagi qonunni o‘zgartirgan. Hujjatga ko‘ra, mamlakat megapolislarida tinch mitinglar va yig‘ilishlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan kamida uchta joy belgilanishi kerak. Qozog‘istonlik huquq himoyachilariga ko‘ra, avvalgi rad etish amaliyoti saqlanib qolgan bo‘lsa ham, mitinglarni o‘tkazishning ruxsat berish tartibi xabardor qilish tartibiga o‘zgartirilgan.