Qashqadaryoda 2 ta paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan 3 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olinganligi aniqlandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshishini oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, monitoring kuzatuvlari davomida Qashqadaryo viloyatida “Chiroqchi-klaster” MCHJ va “Kitob ip yigiruv” AJlar tomonidan quyidagi qonun buzilishi holatlari aniqlangan:

  • umumiy 8 ming 310 tonna mahsulotni birja savdolariga chiqarmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan;
  • jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga mahsulot qo‘yilmagan yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yilgan;
  • mahsulotlar bo‘yicha jadvallarni belgilangan muddatda birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirilmagan;
  • birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar.

Buning natijasida korxonalar jami 3,2 mlrd so‘m asossiz daromad olgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha klasterlarga nisbatan qo‘mita tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Ortiqcha olingan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarish va qonun buzilishini bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.