Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konidagi quduqda 1-sentabr kuni boshlangan vodorod sulfid chiqishi davom etmoqda. Bu haqda mahalliy aholi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi, ular voqea joyidan videoyozuvlar ham yubordi.

Boysun shahri yaqinidagi Sarg‘iyoz qishlog‘i aholisidan birining aytishicha, Energetika vazirligi texnogen deb nomlayotgan vaziyat shaharning gaz-kimyo majmuasi ishchilari yashaydigan Kafrun qishlog‘i (Boysun shahridan 15−16 km) yaqinidagi quduqda sodir bo‘lgan.

“Biz Sarg‘iyoz qishlog‘ida vodorod sulfidning hidini 1-sentabr kuni sizib chiqish boshlangan vaqtda his qilishni boshladik. Bugungi kunda ham gaz chiqmoqda… Hidi har doim ham bo‘lmaydi, shamolga qarab. Kechqurunlari hid uzoqroq davom etmoqda, ertalablari kamroq. Bosh og‘rig‘i paydo bo‘ldi. Ayrim odamlar niqob kiyishni boshladi. Ko‘pchilik vaqtincha Termizga qarindoshlarinikiga ketdi, mening qarindoshlarim ham. Sigir boqishim kerakligi uchun uyda yolg‘iz qoldim”, — deydi u.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, Kafrun qishlog‘ining barcha aholisi Boysunga evakuatsiya qilingan.

Ishchilar Kafrun qishlog‘idan olib ketilmoqda. 2-sentabr, vodorod sulfid sizishi boshlangan kunning ertasi. Foto: “Gazeta.uz”.Ishchilar Kafrun qishlog‘idan olib ketilmoqda. 2-sentabr, vodorod sulfid sizishi boshlangan kunning ertasi. Foto: “Gazeta.uz”.

“Ular maktab va kollejlarga joylashdi. Kafrun ishchilari ham qo‘yib yuborildi, shu yerda ishlayotgan Hindiston va Pokiston fuqarolari ham ko‘chirildi. Bu yerdan avtobuslar, avtomashinalar va avariya uskunalari o‘tmoqda. Harbiylar katta „Alpomish“ stadionimizga yetib keldi, chodirlar qurdi, u yerda katta armiya bor”, — dedi u.

Boshqa o‘quvchi tomonidan yuborilgan kadrlarda yuk mashinalari ishchilarni, shu jumladan, xorijliklarni olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholidan internetda voqea haqida ma’lumot, foto va videolar tarqatmaslik so‘ralmoqda va muammoni hal qilishga va’da berilmoqda.

Mahalliy aholi Kun.uz muxbiriga ham Boysundagi yoqimsiz hid haqida ma’lumot berdi.

“Shaharni yoqimsiz, achchiq badbo‘y hid qoplagan. Nafas olish qiyinlashgan. Ko‘p odamlar o‘zlarida lanjlik va bosh og‘rig‘ini his qilyapti”, — dedi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Boshqa bir fuqaro vodorod sulfidning hidini chirigan tuxum hidiga qiyosladi, bu odamlarning boshini og‘ritib, ko‘nglini aynitmoqda va tomog‘ini bezovta qilmoqda.

“O‘g‘irlik bo‘lmasligi uchun har bir ko‘chada militsiya turibdi”

Surxondaryolik jurnalist Abror Qurbonmuratovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, gaz sizib chiqqan dastlabki kunlarda tibbiyot muassasalariga rostdan ham qusayotgan va o‘zini yomon his qilayotgan bemorlar qabul qilingan. Ularga tez fursatda javob berilgan.

“Umuman holatda hozirgi kunda unday narsa yo‘q. O‘sha qishloqda bor gaz hozircha, hidi sezilib turadi… Har bir ko‘chada militsiya turibdi, nega turibdi, chunki — hech kim yo‘q uylarda, shunga o‘g‘irliklar bo‘lmasligi uchun militsiya qo‘ygan hamma ko‘chaga”, — dedi u.

Jurnalist odamlardan nima bo‘layotganini foto yoki videoga olmaslik so‘ralganini tasdiqladi.

Hukumat Boysun va qishloqlar o‘rtasida qo‘shimcha avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ygan.

“Odamlar vaqtinchalik mehmon sifatida maktablarda, lagerlarda turyapti. Oziq-ovqat bilan muammo bor, pul bilan bog‘liq muammolar bor… Odamlar uyiga qo‘yilgani yo‘q hali ham, chunki hali bartaraf etilgani yo‘q. Qachon bartaraf etilishini ham bilmaydi ko‘pchilik”, — deydi u.

Sizib chiqish haqida

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2-sentabrga o‘tar kechasi 1-sentabr kuni soat 15:17 da “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konining 604-qudug‘ida burg‘ilash ishlari olib borilayotganda texnologik jarayonning buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilganini ma’lum qilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.

surhan gas chemical operating company, бойсuн, vodorod sulfidи sizib chiqishi, м-25, сuрхонdaрё viloyati

2-sentabr kuni Prezident topshirig‘iga ko‘ra, voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov yetib bordi. Suratda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovni ham ko‘rish mumkin. Hozir bo‘lganlarning aksariyati niqobsiz yoki himoya vositalarisiz edi.

Soat 17:30 da “Gazeta.uz” Boysun tumani tez tibbiy yordam shifoxonasi ma’muriyati bilan bog‘lanib, zavodning ikki ishchisi kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar topdi.

“Kecha obyektning ikki ishchisi nafas olishi qiyinlashgan holda kasalxonaga yotqizilgan. Ularning ahvoli qoniqarli, barqaror. Ular shifokorlar nazoratida. Bu yerga Termizdan ham shifokorlar keldi… Halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q”, — deyiladi tibbiyot muassasasi bergan xabarda.

“Gazeta.uz” Surxondaryo viloyati hokimligiga evakuatsiya qilinganlar soni bo‘yicha so‘rov yuborgan, biroq hozircha javob olmadi. Biz, shuningdek, FVV, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz”, Eriell va Enter Engineering kompaniyalariga ham so‘rovlar yubordik.

Vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyatining yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

M-25 loyihasi haqida

Surhan Gas Chemical Operating Company zavodlari va boshqa obyektlari, shuningdek, Eriell va Enter Engineering inshootlari joylashgan hududning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari.

M-25 koni O‘zbekistondagi hozirda o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz koni hisoblanadi. Gaz zaxiralari 150 milliard kub metrdan ortiq xom gaz deb baholanmoqda. Gaz zahiralarining asosiy qismi karbonat angidrid va vodorod sulfidning yuqori miqdoriga ega.

Kondagi birinchi quduq 1975-yilda “O‘zbekneft” uyushmasi tomonidan burg‘ilangan. Keyingi qirq to‘qqiz yil ichida konni ishga tushirishning imkoni bo‘lmagan, chunki uning zaxiralarini qazib olish qiyin, gazi yuqori oltingugurtga ega va konning o‘zi juda og‘ir kon-geologik sharoiti bilan ajralib turadi. 2006−2008-yillarda Malayziyaning Petronas kompaniyasining jalb etilishi ham rivojlanish bosqichiga o‘tishga imkon bermadi.

2017-yil aprel oyida O‘zbekiston hukumati investorlar konsorsiumi — Gas Project Development Central Asia (oldingi “Gazprom” va Gazprombank qo‘shma korxonasi), Altmax Holding (Kipr) va “O‘zneftgazqazibchiqarish” bilan Surxondaryo viloyatida gazni qayta ishlash majmuasini qurish bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konini razvedka qilish va o‘zlashtirish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolagan.

Butun majmuaning qiymati 5,8 milliard dollarga baholangan. Gaz-kimyo majmuasining qiymati 2,9 milliard dollarni tashkil etgan (2021-yil aprel oyida loyiha 2 milliard dollarga baholangan). Majmua yiliga 5 milliard kub metr gaz qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Loyiha 35 yil muddatda Mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim shartlari asosida amalga oshiriladi, operator — Surhan Gas Chemical Operating Company MCHJ XK. Burg‘ilash ishlarini Eriell kompaniyasi, gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obyektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlarini “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasi amalga oshiradi.

VEB.RF va “Gazprombank” 2021-yilda Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koni uchun Rossiya texnikasini eksport qilishga 900 million dollar miqdorida kredit ajratgan.

2023-yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, konni o‘zlashtirish uchun 1,45 mlrd dollar investitsiya kiritildi, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlandi, 11 ta gaz qudug‘i muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurilishi deyarli yakunlangan.

Gazni qayta ishlash zavodi (GQIZ)da gazni qazib olish va qayta ishlashdan tashqari, oltingugurtni granulalash va qotirish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, u suyuq oltingugurtni ikkita mumkin bo‘lgan konfiguratsiyada qattiq oltingugurtga aylantirish uchun mo‘ljallangan: granulalangan oltingugurt (sotish uchun) va saqlash uchun oltingugurt. Ushbu qurilmani GQIZga bevosita tutashgan alohida maydonchada joylashtirish rejalashtirilgan edi. Ishlab chiqarish hajmi yiliga 460 ming tonnaga baholangan.

Loyiha texnologiyasida ta’kidlanishicha, Boysun gazni qayta ishlash majmuasining o‘ziga xos xususiyati qazib olinayotgan xomashyo tarkibida kislotali komponentlar — vodorod sulfid (H2S) va uglerod dioksidi (CO2), ma’lum sharoitlarda ular bilan aloqa qiluvchi po‘lat quvurlar va uskunalar uchun jiddiy xavf tug‘diradigan kuchli korrozion faol aralashmalar mavjud bo‘lib, ularning shikastlanishi va buzilishi atrof-muhitning ifloslanishi, mahsulotning yo‘qotilishi, moddiy zarar va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” Gonkongdagi Surhan Gas Chemical Operating Company egasi hisoblanuvchi Surhan Investments Limited kompaniyasining 20 foiz ulushiga ega. “Gazeta.uz”ning yetkazilgan zarar miqdori, loyiha qiymatidagi ehtimoliy o‘zgarishlar va uni ishga tushirish muddatlari haqidagi so‘roviga javoban kompaniya ma’lumotlarga ega emasligini ma’lum qildi.

O‘tgan yilning fevral oyida Surhan Gas Chemical Operating Company shartnoma bo‘yicha Surhan Investments Limited’ning benefitsiarlari tadbirkor Baxtiyor Fazilov (Eriell, Enter Engineering, Saneg kompaniyalari bilan bog‘langan, “Gazli” gaz ombori va boshqa ko‘plab loyihalarning asosiy benefitsiari) va rossiyalik biznesmen Andrey Filatov (Rossiya shaxmat federatsiyasi prezidenti va ikkita yirik transport va logistika kompaniyasi egasi) ekanini ma’lum qilgan edi.