Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni “2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, Sport vazirliklari va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan birgalikda samarasiz foydalanib kelinayotgan respublikadagi yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlarini (shu jumladan, madaniyat saroylari, stadionlar, konsert zallari, istirohat bog‘lari) xatlovdan o‘tkazadi.

Shundan so‘ng, ularni xususiy sektorga DXSH asosida o‘tkazish bo‘yicha hukumatga taklif kiritadi.

Qarorda samarasiz foydalanish deganda aniq nima nazarda tutilgani ko‘rsatilmagan. “Gazeta.uz” Moliya vazirligi matbuot xizmatidan mazkur matn mazmuniga oydinlik kiritishni so‘radi.

Iqtisodiyot vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Energetika vazirliklari bilan birgalikda uch oy muddatda “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga DXSH asosidagi loyihalar bo‘yicha davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki to‘lab berish) va beriladigan tasdiq xatlarining (comfort letter) yuqori chegarasini o‘rnatishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan hukumatga qonun loyihasini kiritadi.

“Sotib olish yoki to‘lab berish” (Take or pay) — bu katta va doimiy xaridorlar bilan tovar yetkazib berish shartnomalarida ko‘proq qo‘llaniladigan shartnoma shakli. Bunday shartnomalarda xaridor tovarni haqiqiy qancha miqdorda sotib olganidan qat’i nazar, uning haqini to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birga, yetkazib beruvchi tovarni kafolatlangan shartlar asosida (belgilangan narxda, kelishilgan hajmda va h.k.) yetkazib berish majburiyatini oladi. Masalan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘n yillik muddatga “Sotib olish yoki to‘lab berish” shartlari asosida elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

2024−2030-yillarda DXSH loyihalarini amalga oshirish dasturiga kiritilgan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, DXSH jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni samarali boshqarish, jumladan, loyihalarga konsul’tantlarni jalb qilish maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tuzilmasida “Davlat-xususiy sheriklik loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etilmoqda.

Loyiha ofisi doimiy ravishda roud-shou, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni, DXSH yo‘nalishida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlarini, ularning amaliyotini chet elda o‘tkazish hamda xalqaro sertifikatlar olishni tashkillashtiradi.

Bundan tashqari, ofisga dastur loyihalarida mahalliy kontentni ko‘paytirish va loyihalarni milliy valyutada moliyalashtirishni kengaytirish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish vazifalari yuklatildi.

Kelgusida, shuningdek, DXSH loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy tijorat banklari ishtirokida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armalarini tashkil qilish ham reja qilingan.

DXSH loyihalarini “dasturiy yondashuv” asosida salohiyatli investorlar bilan amalga oshirish, bunda xususiy sherik bilan asosiy shartlarni kelishish (rentabellik darajasi, muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari)ni ko‘zda tutuvchi yangi mexanizm ishlab chiqiladi.

Xuddi shu hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlar boshqaruviga berish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli yo‘lini qurish ishlarini boshlash belgilangan.