O‘zbekiston hududining katta qismida 2024-yil avgust oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq avgust oylari uchligiga kirdi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Sinoptiklarning bildirishicha, avgust oyining birinchi yarmi juda iliq bo‘lib, me’yordan o‘rtacha 2−3,5 darajaga yuqori bo‘ldi. Ushbu davrda kunduz kunlari havo harorati +36…+41 darajagacha, janubda +42…+43 darajagacha, eng chekka janubda ayrim kunlarda +45 darajagacha ko‘tarildi.

Markaziy va janubiy hududlarda +40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar soni so‘nggi 10 yil ichida, ayniqsa, respublikaning eng chekka janubida o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ldi. Biroq juda yuqori harorat qiymatlari avgust oyida kuzatilmadi, deyiladi xabarda.

Oyning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududi bo‘yicha salqin havo kirib kelishi kuzatildi. Barcha hududlarda harorat foni me’yorgacha pasaydi. Kunduzgi havo harorati asosan +29…+34 daraja, janubda +35…+38 daraja atrofida bo‘ldi. Harorat eng salqin bo‘lgan kechalarda +14…+17 darajagacha pasaydi. O‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha yillik qiymatlardan 1−2 darajaga yuqori bo‘ldi.

avgust, yoz фаsли, об-havo, ўзгидроmет

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyi quruq bo‘ldi. Yomg‘ir juda kam yog‘di — hududning katta qismida 1 kundan 3 kungacha biroz yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi, oylik yog‘ingarchilik miqdori 1−2 millimetrni, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida 3−5 millimetrni, Qoraqalpog‘istonning ayrim joylarida 9−10 millimetrni tashkil etdi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ham yomg‘ir kam yog‘di, ammo yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘ldi. Oylik yog‘ingarchilik midori 6−11 millimetrni, Toshkent viloyatining baland tog‘larida va Qamchiq dovoni hududida 19 millimetrni tashkil etdi.

Respublikaning janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarida oy davomida yomg‘ir umuman yog‘madi. Oy davomida respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, Ustyurtda ba’zi joylarda shamolning kuchayishi ba’zida 20−25 m/s ga yetdi.

Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda shamolning kuchayishi chang-to‘zonlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 800 metrgacha yomonlashdi.

Ushbu yilda avgust oyi me’yordan 1−2 darajaga iliqroq bo‘lib, O‘zbekiston hududining katta qismi bo‘yicha esa 2021 va 2023-yillarning yozgi mavsumlari bilan bir qatorda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi.

O‘tgan yoz oyi odatdagidan o‘rtacha iliqroq bo‘lib, iyun oyi respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida me’yorga nisbatan eng iliq bo‘ldi. Bu oyda o‘rtacha oylik haroratni me’yordan chetlanishi 2−2,5 darajani tashkil etdi.

avgust, yoz фаsли, об-havo, ўзгидроmет

Umuman olganda, yoz odatdagidan iliqroq bo‘lishiga qaramay, butun yoz mavsumi uchun havo haroratining eng yuqori qiymatlari rekord ko‘rsatkichlardan uzoq bo‘ldi.

O‘zgidrometga ko‘ra, bu faktlar uzoq vaqt davomida jazirama issiqning kuzatilmagani bilan bir qatorda, 2024-yil yozgi mavsumni harorat tartibiga nisbatan qulay deb baholashga imkon beradi.