Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tarmoqlarda fuqaroda “Seftriakson-BXFZ” dorisini qo‘llagach nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashovchi A.X. o‘zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so‘ng uy sharoitida davolanmoqchi bo‘lgan.

“U shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan „Seftriakson“ va „Lidokain“ aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qilgan. Oradan 10 daqiqa o‘tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining me’yoridan oshib ketishi kuzatilgan”, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng fuqaro tez yordam mashinasida dislokatsiya bo‘yicha dastlab Ergashev nomli 4-sonli shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib borilib, standart bo‘yicha davo choralari qo‘llangan.

Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob berilgan.

“Dastlabki o‘rganishlar bemorda kuzatilgan nojo‘ya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda”, deya ta’kidladi markaz.

“Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda”, deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Markaz “Seftriakson” preparati keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub ekani va u bakterial infeksiyalarni davolashda qo‘llanishini eslatdi.

“Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu preparat shifokor retsepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qo‘llanadi. Undan uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas”, deyiladi markaz bayonotida.