6-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev yaqinda Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilar bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Finalda dzyudochi Sherzod Namozov raqibini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Bu o‘zbekistonlikning Paralimpiya o‘yinlaridagi ikkinchi chempionligi bo‘ldi.

Yengil atletika musobaqasida yadro uloqtirish bo‘yicha Xusniddin Norbekov 16,82 m natija bilan birinchi o‘rinni egalladi va yangi rekord o‘rnatdi. U uch karra Paralimpiya chempioni unvoniga ega bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi.

Davlat rahbari suhbatda ularning irodali kurashini hayajon bilan kuzatganini, Vatanga yana bir oltin medal olib kelganlaridan xursand ekanini ta’kidladi. Sportchilarni xalq nomidan tabrikladi, ularning murabbiylari, ota-onalariga rahmat aytdi.

Chempionlar ko‘rsatilayotgan yuqori e’tibor va doimiy qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi.

Avvalroq prezidenti Paralimpiya chempionlari Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov, Asadbek Toshtemirov, Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayevlar bilan ham telefon orqali muloqot qilgan edi.

Bugun, 6-sentabr kuni O‘zbekiston parasportchilari mamlakat hisobiga yana uchta medalni qo‘shib qo‘ydi. Safiya Burxanova yadro uloqtirish bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritdi va Paralimpiya o‘yinlarining uch karra sovrindori bo‘ldi. Tolibboy Yo‘ldashev disk uloqtirishda oltin, Temur Giyazov balandlikka sakrashda bronza medalini oldi.

Xabar e’lon qilingan vaqtida O‘zbekiston terma jamoasi 9 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza (jami 20 ta medal) bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. Bu mamlakat tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi.