Amerikaning ABC telekompaniyasi AQSh prezidentligiga Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp o‘rtasidagi debat qoidalarini e’lon qildi.

Telekanal saytida xabar berilishicha, debat 10-sentabr kuni Filadelfiyadagi Milliy konstitutsiya markazida bo‘lib o‘tadi. ABC boshlovchilari Devid Myuir va Linsi Devis moderatorlik qiladi. Davomiylik 90 daqiqani tashkil etib, orada ikkita reklamali tanaffus bo‘ladi. Zalda tomoshabinlar bo‘lmaydi.

Faqat moderatorlar savol berishi mumkin. Raqiblarning mikrofonlari bir vaqtning o‘zida emas, navbat bilan yoqiladi. Har bir javob uchun ikki daqiqa vaqt ajratiladi.

Nomzodlar debat davomida tribuna orqasida turishi talab qilinadi va saylovoldi tashviqoti vakillari bilan muloqot qila olmaydi.

Debat ishtirokchilariga o‘zi bilan qandaydir eslatma olib kelish ham taqiqlanadi. Sahnada ularga qalam, bloknot va shishada suv beriladi.

Harris va Tramp ochilish bayonoti bilan chiqmaydi, yakuniy bayonotlar esa har bir nomzod uchun ikki daqiqa bilan cheklanadi.

Bo‘lajak debat respublikachi Tramp hamda prezident Jo Bayden poygadan chiqqach demokrat nomzod bo‘lgan Harris o‘rtasidagi birinchisi bo‘ladi, deya aniqlik kiritmoqda Reuters.

Harrisning kampaniyasi dastlab raqiblarning mikrofonlarini efir davomida ochiq saqlashni talab qilgandi, lekin bu ikkala nomzod ham bir-birining gapini bo‘lishi va bir vaqtning o‘zida gapirishiga olib keladi.