O‘zbekiston JCH-2026 saralashi uchinchi bosqichining birinchi o‘yinida KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etgach, murabbiy Srechko Katanets va futbolchi Jaloliddin Masharipov o‘yindan keyingi fikrlari bilan bo‘lishdi. Yagona gol Jaloliddin Masharipov tomonidan kiritildi, darvozabon O‘tkir Yusupov esa penaltini qaytardi.

“Bugun qiyin o‘tgan bahsda g‘alaba qozondik. O‘z imkoniyatimizni to‘liq namoyish eta olmadik, lekin muhimi g‘alaba qozondik. Birinchi bo‘limda ko‘proq gol kiritsak bo‘lardi, sababi ko‘p vaziyatlar yarata oldik. Penalti ham o‘z xatolarimiz ortidan yuzaga keldi”, — dedi jamoa ustozi.

жалолиддин машарипов, кхдр, сречко катанец, фuтбол, шимолий корея

Uning aytishicha, “raqib bizdan ko‘ra ko‘proq yig‘in o‘tkazgan holda bu o‘yinga yetib keldi”. “Shu sababli ular jismoniy tomondan yaxshi harakat qila olishdi”.

Murabbiy jamoaning yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

“Muammo asosan jismoniy holatda bo‘ldi. Bizning asosiy maqsadimiz kerakli natijalarni qo‘lga kiritish va bugun buni uddaladik. Oldimizda Qirg‘iz Respublikasiga qarshi yana bir muhim o‘yin kutib turibdi. Guruhdagi boshqa raqiblari xususida gapirishga hali erta”, — dedi u.

Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Jaloliddin Masharipov o‘yin haqida gapirarkan, kerakli natija qo‘lga kiritilganini aytdi.

жалолиддин машарипов, кхдр, сречко катанец, фuтбол, шимолий корея

“Bu bosqich biz uchun har doim oson bo‘lmagan, chunki uning o‘ziga yarasha bosimi bor. Keyingi o‘yinlarda chiroyli g‘alaba qozonib, xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Muhimi, 3 ochkoni qo‘lga kiritdik”, — dedi sportchi.

“O‘z o‘yinimizni to‘liq ko‘rsata oldik, deya olmayman. Sababi ozroq hayajon bo‘ldi, JCHga yaqinlashganingiz sari bosim va hayajon bo‘lishi tabiiy. Biroq shu kabi muhim o‘yinlar bilan Jahon chempionatiga yo‘l olinadi, deb o‘ylayman”.

Masharipov bu bosqichda kuchsiz raqib yo‘qligini ta’kidladi. “Psixologik tayyorgarlik ko‘p narsani hal qiladi. Bosh murabbiyimiz ham hech qaysi o‘yin oson bo‘lmasligini uqtirib kelmoqda. Keyingi o‘yinlarda yanada yorqinroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz”, — dedi u.

1-turdan keyin O‘zbekiston “A” guruhida ikkinchi o‘rinda bormoqda.

жалолиддин машарипов, кхдр, сречко катанец, фuтбол, шимолий корея

2-o‘yinda jamoa 10-sentabr kuni safarda Qirg‘iziston bilan to‘qnash keladi.