2024-yilning yozi Shimoliy yarimshar tarixidagi eng issig‘i bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN 1940-yildan buyon hisob-kitoblar olib borayotgan Yevropa iqlim xizmati Copernicus ma’lumotlariga tayanib.

Copernicus kuzatuvlariga ko‘ra, iyundan avgustgacha bo‘lgan davr 1991-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan yoz davriga nisbatan 0,69 daraja issiqroq va o‘tgan yozda o‘rnatilgan avvalgi maksimaldan 0,03 daraja yuqori bo‘lgan.

O‘tgan avgust, shuningdek, sayyora tarixidagi eng issig‘i bo‘ldi. O‘rtacha global harorat 16,82 darajani tashkil etdi, bu sanoatgacha bo‘lgan 1850−1900-yillar avgustlaridan 1,51 daraja issiqroq.

Umuman olganda, 2023-yilning sentabridan 2024-yilning avgustigacha bo‘lgan 12 oy eng issiqlari bo‘ldi. “Bu rekord haroratlar ketma-ketligi 2024-yil rekord darajadagi eng issiq (kalendar) yil bo‘lishi ehtimolini oshiradi”, — dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.

O‘zbekistonda ham bu yil yoz fasli me’yordan issiqroq bo‘ldi, ammo rekord ko‘rsatkichlar kuzatilmadi, deb xabar berdi O‘zgidromet. Yozning barcha uch oyi me’yordan iliqroq bo‘ldi va iyun respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida me’yorga nisbatan eng iliq bo‘ldi.

Global haroratning o‘zgarishiyb bir qator faktorlar, jumladan, Tinch okeanining isishiga olib kelgan El-Nino hodisasi kabi tabiiy va qazib olinadigan yoqilg‘ining yonishi — iqlim inqirozining asosiy sababi bilan bog‘liq texnogen omillar yuzaga keltirmoqda.