O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar oshdi. Bu haqda Markaziy bank sharhida aytiladi.

Oylik to‘lovlarning o‘rtacha hajmi 2,99 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 415 ming so‘m yoki 16 foizga ko‘paygan. Ipoteka to‘lovlari Toshkent (26 foiz), Namangan va Farg‘onada (har biri 16 foiz) sezilarli darajada oshgan. Bu shaharlarda uy-joyga bo‘lgan umumiy talab potensial taklifdan yuqori bo‘lib, narxlar fuqarolarning daromadlariga nomutanosib ravishda shakllanadi. “Gazeta.uz” MB ma’lumotlariga tayanib, mamlakatning deyarli barcha hududlarida xarid qobiliyati yomonlashgani ma’lum qilgan, shuningdek, 50 kvadrat metrlik kvartira sotib olish uchun qancha yillik maosh talab qilinishini hisoblab chiqqandi.

To‘lovi oyiga 2 million so‘mdan kam bo‘lgan kreditlar ulushi 47 foizdan 41 foizga kamaydi. Shu bilan birga, 2−5 million so‘mlik to‘lovlar ulushi 48 foizga (46 foizdan), 5−7 million so‘mniki — 7 foizga (5 foizdan), 7 million so‘mdan ortiq bo‘lganlari — 4 foizga (2 foizdan) ortdi.

38,2 ming nafar qarz oluvchining to‘lovlari o‘rtacha nominal ish haqidan (5,09 million so‘m) ortiq, 4,4 ming nafar fuqaro esa aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromaddan (10,8 million so‘m) ortiq to‘lovlarni amalga oshirmoqda. MB bunga ushbu fuqarolarning norasmiy daromadlari sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

2023-yil 1-maydan boshlab rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan shaxslarga ham ipoteka kreditlari berila boshlangandi. Ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartalari bo‘yicha aylanmalari, ijara, kommunal va boshqa xarajatlar uchun to‘lagan mablag‘lari hisobga olinadi.

Joriy yilning olti oyida jami ipoteka kreditlarining 22 foizi (1,55 trillion so‘m) norasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri keldi. Bunday qarz oluvchilarga eng ko‘p kreditlar Xalq banki (652,6 milliard so‘m) va “Davr bank” (449 milliard so‘m) tomonidan berilgan.

Ulushdor jismoniy shaxslarga 208 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Orient Finans Bank (85 foiz) va O‘zmilliybank (9 foiz) tomonidan berilgan.

ipoteka, ipoteka kreditlari, markaziy bank

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda oldi-sotdi shartnomalari soni 3 foizga — 123,5 mingtaga, ipoteka kreditlari hajmi qariyb 2 foizga — 7 trillion so‘mdan 6,88 trillion so‘mga, oluvchilar soni esa — 31 ,67 mingdan 26,2 minggacha (-17 foiz) qisqargan.

Shu bilan birga, ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha miqdori 221 million so‘mdan 262,7 million so‘mga (+18,9 foiz), bank foiz stavkalari ham 24,3 foizdan 25,1 foizga oshgan.

Yanvar-iyun oylarida 100−200 million so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarining ulushi 15 foizdan 9 foizga, 200−300 million so‘m uchun — 31 foizga (34 foizdan) qisqargan. 300−400 million so‘mlik ipoteka ulushi 35 foizga (32 foiz), 400 million so‘mdan ortig‘i — 24 foizga (18 foiz) oshgan.

ipoteka, ipoteka kreditlari, markaziy bank

20 yilgacha muddatga ipoteka kreditlari kamroq berila boshladi — 82,8 foiz (-2,5 foiz punkti). Banklar 10 (+1,9 foiz punkti) va 15 yilgacha (+0,6 foiz punkti) muddatga ko‘proq kreditlar berishni boshladi.

Ipoteka kreditlarining yarmidan ko‘pi (53 foiz) hukumat bankka markazlashtirilgan tarzda ipoteka kreditlari berish uchun ajratgan mablag‘lar, 34 foizi banklarning o‘z mablag‘lari, 12 foizi davlatga qarashli ipoteka kreditlarini qayta moliyalash kompaniyalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, banklar o‘z mablag‘larini ko‘proq o‘naltira boshladi — 2,03 trillion so‘mdan 2,37 trillion so‘mgacha.

O‘z mablag‘laridan foydalangan holda banklar ipoteka kreditlarini asosan 6 yildan 10 yilgacha muddatga bermoqda — bu uy-joy sotib olish uchun berilgan kreditlar umumiy hajmining 55 foizini (+14 foiz punkti), 11 yildan 20 yilgachasi — 44 foizini (+2 foiz punkti), 5 yilgachasi — 2 foizini tashkil etadi.

Banklar tomonidan beriladigan ipoteka kreditlarining hajmi jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlari hajmiga bog‘liq. Aholi depozitlari stavkalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foiz punktga oshib, 22 foizni tashkil etdi, bu esa moliya institutlarini aktivlar va passivlarni muvozanatlash uchun qisqa muddatli ipoteka kreditlarini chiqarishga undadi.

MB bu o‘zgarishlarni banklar ikkilamchi bozorda uy-joy sotib olish uchun o‘z mablag‘lari hisobidan ko‘proq ipoteka kreditlari berayotgani bilan izohlamoqda.

Agar 2023-yilning birinchi yarmida ipoteka kreditlari umumiy oldi-sotdi shartnomalari sonining 25 foizini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 21 foizga qisqargan.