Germaniya kansleri Olaf Shols 15−17-sentabr kunlari O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyuradi. Bu haqda Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi.

Bu Sholsning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi bo‘ladi va unga mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida “katta biznes delegatsiyasi” hamrohlik qiladi.

U O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, 17-sentabr kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo-Germaniya” (5+1) ikkinchi sammitida ishtirok etadi.

Birinchi sammit 2023-yil sentabr oyida Berlinda bo‘lib o‘tgan va unda mintaqa davlatlari rahbarlari Germaniya bilan strategik mintaqaviy sheriklik o‘rnatish taklifini qo‘llab-quvvatlagandi. “Kanslerning safari ham ushbu mintaqaviy hamkorlikka hayot bag‘ishlaydi”, deyiladi Germaniya hukumati bayonotida.