6-sentabr kuni Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarining 9-kunida ikki nafar paraatlet — Temur Giyazov hamda Tolibboy Yo‘ldashev medallarni qo‘lga kiritdi.

Temur Giyazov erkaklar o‘rtasida T44 klassida balandlikka sakrash dasturida final bahsida 2,03 metr natija qayd etgan holda bronza medalga sazovor bo‘ldi.

paraлимпиада-2024

U 1996-yil 15-martda tug‘ilgan. 2016-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Giyazaov Hanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchisi. “Shuhrat” medali sohibi. Murabbiyi Galina Kazakova.

Tolibboy Yo‘ldashev esa erkaklar o‘rtasida F37 klassida disk uloqtirish bo‘yicha finalda 57,28 metr natija bilan O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

U 31-avgust kuni yadro uloqtirish bo‘yicha 15,24 metr natija qayd etib bronza medaliga ega chiqqandi.

paraлимпиада-2024

Yo‘ldashev 2003-yil 4-sentabrda tug‘ilgan. 2018-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. U Hanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida kumush hamda 2023-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Murabbiyi — Ibrohim Yusupov.

Avvalroq bugungi bahslarda O‘zbekistonlik paraatlet Safiya Burxanova kumush medalni qo‘lga kiritgani xabar qilingandi.

6-sentabr soat 16:20 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 20 ta medal — 9 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza bilan umumiy medallar reytingida 11-o‘rinda bormoqda. O‘yinlar 8-sentabr kuni yakunlanadi.

Bu bilan O‘zbekiston delegatsiyasi yozgi Paralimpiya o‘yinlaridagi oltin medallar soni bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Terma jamoa 2016 va 2020-yilgi o‘yinlarda 8 tadan oltinni qo‘lga kiritgandi.