2023-yil iyul oyida Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida qurilayotgan avtomobil yo‘li sabab 70 mingga yaqin daraxt kesilishi mumkin bo‘lgan loyihaga Ekologiya vazirligi qarori bilan rad javobi berilgandi. Hokimliklarga yuborilgan javoblardan so‘ng Buxorodagi qurilish kompaniyasi vakillari loyihani o‘zgartirishlarini bildirgandi.

Jurnalist Ilyos Safarovning xavotir bildirishicha, “bu loyiha baribir davom etadigan ko‘rinadi”. U obunachilaridan biri yuborgan suratlarga tayanib Denov tumanining Chim mahallasidan boshlanib Oltinsoy tumanining Shakarqamish mahallasigacha bo‘lgan yo‘ldagi barcha daraxtlarga qizil rangda maxsus belgilar chizib chiqilganini ma’lum qildi.

“Bu katta ehtimol bilan kesilishga tushadigan daraxtlar. Chunki ikki tuman orasidagi katta hududda o‘sayotgan daraxtlarga shunchaki bir xil belgi qo‘yib chiqilishi mumkin emas. Bu — mantiqsizlik”, — deya taxmin qildi u.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmoniyning ma’lum qilishicha, loyihaning amalga oshish masalasi ayni damda hukumat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

2024-yilning 2-iyul kuni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan Ekologiya vazirligiga xat yo‘llangan va unda Surxondaryo viloyatida 4R105 Darband-Boysun-Elbayon va 4R100 Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov avtomobil yo‘llarining ba’zi qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan 9405 tup daraxtni ko‘chirib o‘tkazishga doir tegishli ko‘rsatma so‘ralgan.

Vazirlik bunga javoban prezidentning 2021-yildagi 46-son farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy amal qilinishini eslatgan va ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot olami dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish belgilanganidan ogohlantirgan.

Lola Rahmoniyga ko‘ra, hududdagi daraxtlarning ko‘p yillik yoshi va hajmidan hamda ularning hozirda tinim (vegetatsiya) davrida ekanidan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi daraxtlarni ko‘chirishga rad javobini bergan. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda daraxtlardan xoli hududni tanlash va bu borada loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish tavsiya qilingan.

“Shunday bo‘lsa-da, mazkur loyihaning amalga oshish masalasi ayni damda hukumat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, zero Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan inson hayoti xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan ushbu yo‘nalishdagi yo‘l infratuzilmasi takomillashtiruvga muhtojligi qayd etilmoqda”, — deya aniqlik kiritdi u.

Uning qayd etishicha, kuchli yomg‘ir va sel oqibatida yo‘l va ko‘priklar ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Avtomobillar sonining kundan kunga oshishi esa yo‘llarda tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Oqibatda avtomobillarning xarakatlanishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, avtohalokat hodisalari kupaymoqda.

Jumladan, 2022−2024-yillar mobaynida bu yerda 54 ta YTH sodir bo‘lgan, ularda 19 nafar fuqaro vafot etgan, 31 nafar fuqaro turli jarohat olgan.

Vazirlik vakili ayni damda loyiha doirasidagi hududda mavjud daraxtlar holati, soni, turi, o‘lchami va qiymatini aniqlash bo‘yicha Surxondaryo viloyati ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Kontekst

2023-yil iyulida Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida avtomobil yo‘llari qurilishi sababli umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt ildizi bilan kesilishi mumkinligi haqida xabarlar e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, Buxoroda 23 ming, Surxondaryo viloyatida esa 45 mingdan ortiq daraxtni yo‘q qilish bo‘yicha reja mavjud va loyiha allaqachon hukumatga topshirilgan. Ishlar avgustdan tezlashtirilgan tartibda boshlanishi kutilayotgandi.

Shu yil 27-iyul kuni ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov ushbu daraxtlarni asrash choralari ko‘rilishini ma’lum qilgandi.

“Loyihadan xabarimiz bor, bu bo‘yicha vazirlik o‘z munosabatini bildirgan. Bu hali loyiha jarayonida. Loyiha hujjatlari vazirlik [bilan] kelishilmagan ham. Yo‘l bo‘yida kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlarni asrab qolish bo‘yicha biz tegishli organlarga qo‘shimcha ravishda xatlar bilan murojaat qildik”, — degandi u.

Ekologiya vazirligi o‘shanda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev tomonidan imzolangan hukumat komissiyasi bayonnomasiga muvofiq, vazirlikka bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko‘chirish bo‘yicha hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirig‘i berilganini bildirgandi.

“Vazirlik ushbu murojaatlarga javoban, o‘simlik dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilishi, respublikamiz bo‘ylab kuzatilayotgan chang-to‘zon va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda ushbu daraxt va butalarning o‘rni muhim ekanligini eslatgan holda rad javobini bergan”, — deyiladi vazirlik axborotida.

O‘shanda ta’kidlanishicha, hokimliklarga yuborilgan rasmiy javoblardan so‘ng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikka tashrif buyurib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga o‘zgartirishlar kiritishlari haqida ma’lumot bergan.

daraxt kesilishi, denovdagi daraxtlar, ekologiya, ekologiya vazirligi

Ushbu hududlarda kesilishi mumkin bo‘lgan 70 mingga yaqin daraxtni saqlab qolish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda #DaraxtlarniAsraylik, #NafasOlolmayapman heshteglari ostida norozilik aksiyasi o‘tkazilgandi.