O‘zbekiston delegatsiyasining 15 yoshli a’zosi Shahina Yigitaliyeva Paralimpiya o‘yinlarining kumush medalini oldi.

6-sentabr kuni para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F46 klassida (bir yoki ikkala qo‘l harakati o‘rtacha darajada nuqsonlangan yoki oyoq-qo‘llari yo‘q dala sportchilari qatnashadi) nayza uloqtirish dasturida final bahsi yakunlandi. O‘zbekistonlik sportchi 43,12 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni qayd etdi.

Birinchi o‘rinni 43,77 metr natija bilan venesuelalik Morillo Gil Naibis Daniyela qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa buyuk britaniyalik Arnold Holliga nasib qildi (40,59 metr).

Shahina Yigitaliyeva O‘zbekiston tarkibidagi eng yosh sportchi hisoblanadi. U 2008-yil 16-oktabrda tug‘ilgan.

Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishda qatnashgan yana bir O‘zbekiston vakili Roziya Ergasheva 35.98 metr natija bilan 9-o‘rinni egalladi.

Yigitaliyevaning natijasi orqali delegatsiya hisobidagi medallar soni 23 taga yetdi — 9 ta oltin, 8 ta kumush, 6 ta bronza. O‘zbekiston xabar e’lon qilingan vaqtda onlayn medallar jadvalida 12-o‘rinda joylashgan.

para yengil atletika, paralimpiada-2024, shahina yigitaliyeva