O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi Uchqun Quronboyev Parij Paralimpiadasida paradzyudo bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida J2 klassida (ko‘zi qisman ko‘radigan sportchilar bellashadi) -73 kg vazn toifasida bahs olib borgan o‘zbekistonlik sportchi chorakfinalda fransiyalik Natan Petitni 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Biroq yarimfinalda gruziyalik raqibi Jiorji Kaldaniga xuddi shunday hisobda yutqazib qo‘ydi.
U bronza medali uchun bellashuvda janubiya koreyalik Kim Dongunga qarshi tatamiga chiqdi va g‘alabaga erishib (1:0), uchinchi o‘rinni egalladi.
U Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida -66 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Bugungi yutuq uning o‘yinlardagi ikkinchi medali bo‘ldi.
Bu orqali O‘zbekistonning turnirdagi medallar jamlanmasi 22 taga yetdi: 9 ta oltin, 7 ta kumush, 6 ta bronza. Xabar e’lon qilingan vaqtda delegatsiya onlayn medallar jadvalida 12-o‘rinda bormoqda.