O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi Xusniddin Norbekov para yengil atletika bo‘yicha Parij Paralimpiadasi oltin medalini qo‘lga kiritdi. U uchta Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi.

6-avgustga o‘tar kechasi para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F35 klassida (harakati va oyoqlarning muvofiqlashuvida o‘rta darajada nuqsoni bor sportchilar ishtirok etadi) yadro uloqtirish musobaqasi yakunlandi. Xusniddin Norbekov ikkinchi urinishda 16,82 metr natija qayd etib, Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi.

Bundan avvalgi rekord 2008-yil Pekinda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida xitoylik Guo Vey tomonidan o‘rnatilgan edi. O‘shanda xitoylik sportchi 16.22 metr natija qayd etgan.

Musobaqada kumush medalni argentinalik Hernan Urra (16,11 m), bronza medalini esa eronlik Said Aliasgar Javanmardi (15,84) qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, Xusniddin Norbekov bundan avval Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan. Unda, shuningdek, bitta “bronza” ham bor.

Bu orqali O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 17 taga (8 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza) yetdi. Xabar e’lon qilingan vaqtda delegatsiya medallar jadvalida 12-o‘rinda joylashgan.

para yengil atletika, paraлиmпиада-2024, хусниддин норбеков