Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida sudya Sardor Sodiqov raisligida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va 49 nafar sudlanuvchi ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda OAV vakillariga sud jarayonidan foto, video olish va audiomateriallar yozib olish taqiqi qo‘yildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Soat 15:00 da boshlanishi aytilgan sud majlisiga sudya soat 15:30 larda kirib keldi. Shundan so‘ng salkam 30 daqiqa davomida jurnalistlarning sudni yoritish yoki yoritmaslik masalasi muhokama qilindi. Jarayonda “Gazeta.uz”, Kun.uz, Qalampir.uz, Kursiv.uz internet nashrlari hamda Sevimli telekanalining Zamon informatsion dasturi jurnalistlari qatnashdi.

Dastlab 6 nafar (4 erkak, 2 ayol) advokat birinma-ketin so‘zga chiqdi. Ular OAV vakillari jarayonni faqat tinglovchi sifatida yoritishi, ammo video va fotoga olmasligini, audio tarzida ham yozmasligini so‘rab, sudyaga iltimos kiritdi. Ayrim advokatlar jurnalistlarga OAV hamda sudlar faoliyatiga oid kodeks va qonunlardagi ba’zi moddalarni eslatib, ularni “huquqiy bilimsizlik”, “bo‘rttirma axborotlarga o‘chlik”, “yolg‘on ma’lumot tarqatuvchilik”da aybladi. Shuningdek, sudlanuvchilar orasida O‘zbekistondagi taniqli tadbirkorlar, fermerlar, klaster rahbarlari borligi, ularning shaxsi va fikrlari ommaga e’lon qilinmasligi kerakligi ham qayd etildi.

Muxbirimizning aytishicha, advokatlarning ayrimlari fikr bildirayotgan vaqtda sudya Sardor Sodiqov telefon o‘ynab o‘tirgan. Muxbir bu holatni suratga olmoqchi bo‘lganida huquq-tartibot organlari xodimlari unga qarshilik ko‘rsatib, sudya ruxsatisiz sud zalida suratga olish mumkin emasligini aytgan.

Bundan tashqari, ikki nafar sudlanuvchi ham mikrofon qarshisida turib, jurnalistlarning sud jarayonida foto, video va audio olishini cheklash kerakligini aytdi, aksariyat sudlanuvchilar ularning fikrini qo‘llab-quvvatladi. Ammo sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bu borada hech qanday fikr aytmagan. Davlat ayblovchisi esa advokatlarning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, OAV vakillarining foto, video va audiomaterial tayyorlashiga qarshiligini bildirdi.

“Sudya 5-sentabr kuni mazkur ishga oid sud jarayonini yoritgan jurnalistlar haqida gapirarkan, o‘rtaga savol tashladi. Biroq OAV vakillariga javob qaytarishga imkon berilmadi. Maslahatxonaga kirgan sudya advokatlar iltimosnomasini qisman qanoatlantirganini qayd etib, sud majlisida jurnalistlarning foto, video va audiomateriallar olishini taqiqladi. Sudya jurnalistlar sud majlisida ishtirok etib, ma’lumotlarni qo‘lyozma tarzida yozib olishi va shu tarzda yoritishi mumkinligini aytdi. Biroq OAV vakillari bu to‘siqdan so‘ng sud zalidan chiqib ketdik”, — dedi Mirolim Isajonov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatga munosabat bildirdi.

“Prezidentning 2021-yil 16-iyundagi 6247-sonli farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan”, — deb eslatdi agentlik.

Tashkilot shundan kelib chiqib, “mazkur sud majlisi yuqoridagi farmon talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq” ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 senyatbr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida advokatlar jurnalistlar “xorijliklar agenti” bo‘lishi mumkinligini aytib, ularning sud ishiga aralashuviga qarshi chiqqandi.

Mazkur ish doirasida jami 50 nafar shaxs ayblanmoqda, ulardan 29 nafari qamoqqa olingan, qolgan 21 nafariga nisbatan garov va munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan.