7-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilar bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Parij Paralimpiadasida qatnashayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar sonini 10 taga yetkazib, tarixdagi eng yaxshi natijasini yangiladi. Prezident o‘z g‘alabalari bilan ushbu natijaga hissa qo‘shgan yengil atletikachilar — Nurxon Qurbonova va Tolibboy Yo‘ldoshev bilan telefon orqali suhbatlashdi va ularni dildan tabrikladi.

Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish dasturida qatnashib, 21.12 metr natija qayd etdi va oltin medal olgandi. Sportchi bu bilan o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangiladi. Bir necha kun oldin Qurbonova yadro uloqtirish bahslarida bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.

“Tinimsiz kuzatib boraman faoliyatingni. Olimpiya shaharchamizda qurilishni boshlaganimizda „Paralimpiadadan oltin bilan kelaman“, degan yoqimli so‘zlaring esimda. Bu nimadan dalolat? Tinimsiz harakat, irodali intilishlaring bilan tobora o‘sib borayapsan. Bergan va’dangni ortig‘i bilan bajarding”, — dedi davlat rahbari Qurbonovani tabriklab.

Tolibboy Yo‘ldashev esa disk uloqtirish bo‘yicha oltinga ega bo‘lgan. Yo‘ldashev avvalroq yadro uloqtirish bo‘yicha bronza medaliga ham ega chiqqandi.

“Bir necha kun oldin yadro uloqtirish bo‘yicha bronza medalini olgan eding. Ikki sport turi bo‘yicha ikkita yuksak natija — bu chinakam jasorat. Bu yutuqlar mashaqqatli mehnatlaring, tinimsiz mashqlaring, to‘plagan boy mahorating mevasidir”, — dedi prezident Tolibboy Yo‘ldoshev bilan suhbatda.

Chempion paralimpiyachilar bu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lmagani, davlatimiz rahbarining paralimpiya harakatiga qaratayotgan e’tibori va ishonchi tufayli erishilayotganini ta’kidlab, o‘z nomidan, murabbiylari va ota-onasi nomidan minnatdorlik bildirdi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 8-sentabr soat 09:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan jadvalda 13-o‘rinda bormoqda.