9−13-sentabr kunlari “Yuksalish” harakati hududiy qon quyish markazlari bilan birgalikda O‘zbekistonning barcha hududlarida qon topshirish aksiyasini o‘tkazadi.

“Maqsad murakkab operatsiyalardan so‘ng, og‘ir jarohatlar yoki saraton kasalligiga chalingan va qon quyishga juda muhtoj bo‘lgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish kasalxonalar va tibbiyot markazlarida qonning yetarli darajada ta’minlanishiga yordam beradi. Bu ayniqsa, favqulodda vaziyatlar va rejalashtirilgan operatsiyalar uchun muhimdir”, — deyiladi harakat xabarida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, aholining qon tarkibiy qismlariga bo‘lgan ehtiyojiga javob berish uchun donorlik soni 1000 aholiga kamida 10 ta yoki umumiy aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak.

“Respublika qon quyish markazining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2023-yilda bu ko‘rsatkich har 1000 nafar aholiga 7,8 donorlik to‘g‘ri kelgan. Bu 0,78 foizni tashkil etadi. Raqamlar mamlakatda xayriya darajasi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda”, — deya qayd etdi “Yuksalish”.

Aksiyada 18 yoshdan oshgan va tibbiy qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lmagan har bir kishi ishtirok etishi mumkin.

Toshkent, Navoiy va Xorazm viloyatlari aholisi birinchi bo‘lib qon topshiradi. Bu yerda barcha viloyatlardagi qon topshirish manzillari va telefon raqamlari bilan tanishish mumkin.