Qirg‘iziston “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va muloqotni davom ettirishga qaratilgan.

“Mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan sinchiklab ko‘rib chiqilib, har tomonlama baholanganidan so‘ng “Tolibon”ni Qirg‘iziston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilinganini tasdiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.

Vazirlik mamlakat xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda va butun mintaqada barqaror va tinch muhitni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash tarafdoriligini bildirdi.

Avvalroq qirg‘iz nashrlari Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi e’lon qilgan taqiqlangan terroristik-ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatida “Tolibon” yo‘qligiga e’tibor qaratgandi. U 2006-yil 15-sentabrda Bishkek sudi qarori bilan terrorchi tashkilot deb tan olingan.

2024-yilning mart oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakat “zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanini anglagan holda” “Tolibon”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” harakati 2021-yil avgustida AQSh va uning ittifoqchilari mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatgan edi.

O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu voqeani quyidagicha izohlagan: “Bular [toliblar — tahr] bilan bugun yo kecha emas, ikki yil oldin — hali hech qaysi davlatlar ular bilan gaplashmaganda (muloqotni boshlagandik)”.

“Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar muloqotga kirishishga tayyorman”, — deya qo‘shimcha qilgandi davlat rahbari.