Bosh vazir Abdulla Aripov dushanba kuni Toshkent aeroportida tantanali kutib olingan Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari va g‘oliblarini tabrikladi.

U o‘z nutqi avvalida Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiada o‘rtasida vaqt kamroq bo‘lganini, chunki Yaponiya poytaxtida Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari bir yildan keyin, ya’ni 2021-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tkazilganini ta’kidladi.

“Shunga qaramasdan, muhtaram prezidentimiz ikki barobar qattiqroq va ko‘proq yordam, imkoniyat va sharoit qilib berganlari natijasida hurmatli sportchilarimiz, aziz vatandoshlarimiz juda ham kutilmagan, orzu qilib bo‘lmaydigan muvaffaqiyatlarga erishdi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, Olimpiadada 13-o‘rin, Paralimpiadada 13-o‘rin! Balki kimlargadir 13-raqam yoqmas, lekin O‘zbekistonga juda ham yoqyapti”, — dedi hukumat rahbari.

Bosh vazir olimpiyachilar va paralimpiyachilarga “prezidentning mehri va e’tibori”ni yana bir bor ta’kidlab, o‘yinlarning har bir g‘olibi bilan davlat rahbari shaxsan o‘zi telefon qilib gaplashib, ularni ruhlantirganini esladi.

Abdulla Aripovning aytishicha, davlat rahbari tomonidan paralimpiyachilar uchun ajratilgan pul mukofotlari, avtomashinalar, xonadon va kottejlar ularni Los-Anjelesdagi navbatdagi Paralimpiya o‘yinlarida yanada yuqori natijalarga erishishga undaydi.

Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi bundan buyon ham paralimpiyachi sportchilarga barcha zarur yordamlarni ko‘rsatishda davom etadi.

“Vataningiz sizni qo‘llab-quvvatlayotganini his qilishingiz uchun hurmatli prezidentimiz [Parijga] alohida muxlislar guruhini yubordi”, — dedi u.

Bu galgi Paralimpiada ham xuddi Olimpiada singari O‘zbekiston uchun tarixdagi eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi — respublika 168 davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik sportchilar 26 ta medalni qo‘lga kiritdi, shundan 10 tasi oltin, 9 tasi kumush va 7 tasi bronza.

Prezident qaroriga ko‘ra (PQ-5160), oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar uchun mukofot pullari mos ravishda 200 ming dollar, “kumush” va “bronza” uchun 100 ming va 50 ming dollar etib belgilangan. Ularga pul mukofotlaridan tashqari “prezident sovg‘asi” sifatida avtomobillar va uy-joylar beriladi. Bu xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi.