“O‘zatom” Atom energiyasi agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi va “Atomstroyeksport” AJ (“ASE” AJ, “Rosatom”ning muhandislik bo‘limi) O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzoladi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari — Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiy ishtirokida imzolandi.

“Bugungi imzolangan hujjat O‘zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir, bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi”, — dedi Otabek Amanov.

“Bugun imzolangan bayonnoma tomonlarning normativ va moliyaviy majburiyatlari nuqtai nazaridan ustuvor shartlarning bajarilishini belgilab beradi. “Rosatom”ning muhandislik bo‘limi KQAESni joylashtirish uchun litsenziya olish va qurilish maydonchasida qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha faol bosqichga o‘tishni boshlaydi”, — deya ma’lum qildi ASE OAJ Markaziy Osiyoda atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari direktori Pavel Bezrukov.

AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar iyun oyida boshlangan, unda bo‘lajak atom elektr stansiyasi qad rostlaydigan maydonda birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash imkonini beradigan ustuvor vazifalar belgilab olingan. Avgust oyining oxirida atom elektr stansiyasi quruvchilari uchun vaxta shaharchasini yaratish ishlari boshlandi.

Bu atom elektr stansiyasi faoliyat yuritayotgan hududni an’anaviy kompleks rivojlantirish yo‘lidagi birinchi qadamdir — hududda madaniy-ma’rifiy loyihalar, tibbiyot tashkilotlari paydo bo‘ladi, aholi yashash punktlari odamlarni yashashga, sanoat korxonalari va tijorat tashkilotlarini esa mehnatga jalb qilishi kutilmoqda, deya ta’kidlamoqda “O‘zatom” agentligi.

Eslatib o‘tamiz, AES qurilishi bo‘yicha shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida 27-may kuni AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroeksport” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan. Unda Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘lida Rossiya loyihasi bo‘yicha umumiy quvvati 330 MVt (har biri 55 MVt 6 ta reaktor) bo‘lgan atom elektr stansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bosh pudratchi “Atomstroeksport” AJ bo‘lib, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.

O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi Rossiyaning eng so‘nggi ishlanmasi — RITM-200N nomli suv bilan sovitiladigan yadro reaktoriga asoslangan bo‘lib, u kemalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan texnologiyani quruqlikda foydalanishga moslashtirish natijasida kashf etilgan. KQAES bir qator afzalliklarga ega. Avvalo, u ixchamligi, integral sxemasi va yirik atom elektr stansiyalariga nisbatan qurilish muddati qisqa bo‘lishi bilan ajralib turadi, deyiladi xabarda.