9-sentabr kuni Doha shahrida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning “Ta’lim har narsadan ustun” (Education above all) fondi o‘rtasida afg‘on ayollarini O‘zbekistonda o‘qitishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afg‘on ayolini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishi rejalashtirilgan. O‘quv dasturlari o‘zbek tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni qoplaydi. Xususan, fond afg‘on ayollarini o‘qitish, turar joy bilan ta’minlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 mln dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi.

“Dastur ayollarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga, ularning o‘z vatanidagi tibbiyot sohasiga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Memorandumning imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro ta’lim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv nafaqat O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda o‘ziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari yetishib chiqishiga imkon yaratadi.

Uchrashuvda ishtirok etgan prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston qizlar ta’lim sifatiga katta e’tibor qaratmoqda va “bu borada yurt sarhadlari bilan cheklanib qolayotgani yo‘q”.

2018-yili Termiz shahrida ochilgan kasb-hunar ta’limi markazida hozirga qadar 700 nafarga yaqin Afg‘oniston fuqarosi tahsil olgan bo‘lsa, ulardan 200 nafari xotin-qizlar hisoblanadi.

“Biz gumanitar inqirozning oldini olish yo‘lida afg‘onistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga o‘qitish ishlarini davom ettirishga tayyormiz. Qatar hukumati va Education above all jamg‘armasi bo‘lsa bu borada bizga yordam berishga shay”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mavjud vaziyatda bu vazifani uddalash barcha tomonlar uchun oson bo‘lmaydi. “Lekin biz bu yo‘lda bor kuch-quvvatimizni ishga solishga tayyormiz. Xotin-qizlar uchun eng yaxshi himoya — ta’lim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanishdir”, — deya xulosa qildi prezident yordamchisi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabrida Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Oliy ta’lim vazirligi talaba qizlarning universitet o‘qish jarayonlarida ishtirok etishini to‘xtatib qo‘yish haqida buyruq bergandi. Vazir vazifasini bajaruvchi Neda Muhammad Nadim mazkur qarorga munosabat bildirarkan, ayollarning OTMga erkak hamrohsiz kelgani, hijob masalasi, aralash dars o‘tilgani va “islomga zid” fakultetda o‘qigani uchun ularga taqiq qo‘yilganini aytgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda qizlarning OTMlarda o‘qishi taqiqlanganidan xavotirda ekanini ma’lum qilib, ushbu qaror qayta ko‘rib chiqilishiga umid bildirgan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qarorni qoralab, buni “Tolibon” tomonidan berilgan “buzilgan va’da” va “juda xavotirli harakat” deb atagan.