1-sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumani “Ko‘lqamish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-son quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi boshlangan edi.

2-sentabrga o‘tar kechasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi quduq yaqinidagi aholi evakuatsiya qilingani, vaziyat to‘liq nazoratga olingani, vahimaga o‘rin yo‘qligi haqida bayonot berdi. Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan voqea joyiga bir guruh mas’ullar, xususan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yetib bordi.

Shundan beri rasmiylar tomonidan kon va quduqdagi vaziyat bo‘yicha biror axborot berilgani yo‘q. Aholining ma’lum qilishicha, oltingugurt gazi chiqishi hamon davom etmoqda; internetdagi boysunliklar faol bo‘lgan guruhlarda quduq og‘zidan gaz chiqishi davom etayotganini tasdiqlovchi videoxabarlar qoldirilgan. “Gazeta.uz” muxbirlari bilan suhbatlashgan bir qator boysunliklar o‘zi va yaqinlarining salomatligidan xavotirda ekanini ta’kidlarkan, tumandagi vaziyat borasida rasmiy va aniq axborot berilishini so‘rab qoldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, boysunliklardan voqea haqida internetda ma’lumot, foto va videolar tarqatmaslik so‘ralgan. Shu bois, tumandagi vaziyat haqida ma’lumot bergan va o‘z fikri bilan bo‘lishgan boysunliklarga zarar yetmasligi uchun, “Gazeta.uz” respondentlarning shaxsini yashirdi.

Intervyular 9−10-sentabr kunlari olingan.

“Boysun shahridagi bog‘cha va maktablarni yopish kerak”

Ta’lim sohasi vakili

Boysun tumanida yashayman. Shaharga ham, tumanning boshqa joylariga ham gazning hidi kelyapti. Mana, hozir ham ishdan uyga keldik, eshik-derazalarni yopib, tashqariga chiqmay o‘tiribmiz.

“Kofrun qishlog‘ida yashaydiganlar evakuatsiya qilindi”, degan xabarlar chiqdi, lekin ularga boshpana berilmagan. Uyidan chiqarib yuborilgan aholi qarindoshlarining uyida, u eshikdan bu eshikka borib jon saqlayapti. Joy topolmaganlari juda ayanchli ahvolda, ko‘chama-ko‘cha yurishga majbur bo‘lyapti. Ora-sira mol-holidan xabar olgani borib keladi, lekin uyiga qo‘yilmayapti. Hamma tarqoq, hech kim yordam bermayapti, odam arz-dodini kimga aytishni ham bilmaydi.

Foto: X / @shokirjonovFoto: X / @shokirjonov

Rabot shaharchasi Kofrunga juda yaqin. U yerda aholi evakuatsiya qilinmagan, qiyin ahvolda. Har kuni gazdan zaharlangan odamlarni “tez yordam” mashinasi olib ketadi. Inkobod, Omonxona, yana bir qishloq aholisi evakuatsiya qilingan. U yerlardagi maktab-bog‘chalarni ham yopishgan. Lekin Boysun shahriga hech kim e’tibor bermayapti. Bolalar tamoman so‘lib boryapti. Ishlaydigan ota-onalar iloji yo‘qligidan bolasini bog‘chaga, maktabga jo‘natyapti.

Ayniqsa, “obed” vaqti bog‘chaning uxlash xonasiga ham, o‘yin o‘ynash xonasiga ham kirib bo‘lmaydi. Derazalar yopiladi, ventilyatorlar yoqiladi, bolalar qusa boshlaydi. Ishchilar ham niqob taqib, boshi garang yuribdi. Qolaversa, niqob taqsa, ahvol battar yomonlashyapti; do‘xtirlarning aytishicha, tibbiy niqob gazdan saqlamas ekan, aksincha, unda gaz yig‘ilib qolarmish.

Hech qayerdan amaliy yordam berilmayapti. Maktab, bog‘chalarni yopish kerakligi haqida mahallaga telefon qilib ham aytdim, kecha bir-ikkita rahbarlar bilan gaplashsam, “Bu bo‘yicha bizga hech qanday topshiriq bo‘lmagan, qanday qilib yopamiz?”, deydi. Bu ketishda hammaning o‘pkasi tamom bo‘ladi-ku.

O‘zi Surxondaryoning boshqa joylarida qizlarim yashaydi. Biz o‘sha yerlarga borib yashashimiz ham mumkin. Lekin ishni ham tashlab ketolmaymiz.

Hamkasblarim ko‘rib qolgan ekan — kecha “Toza hudud” korxonasining bir avtobus ayollarini zambillarga solib, shifoxonaga olib borishibdi. Ular ertalab Kofrun qishlog‘ini tozalashga olib borilgan ekan, kun davomida gazdan zaharlanib, yiqilib qolgan. Hamma vrachlar o‘sha yerda, Termizdan ham shifokorlar kelgan.

Zaharlanganlarni kislorod apparatiga ulash kerak, ustiga-ustak svet ham o‘chib qolaveradi. Tunov kuni bir tanishim mazasi qochib, yiqilib qoldi. Tez yordamga olib borsak, kislorod qo‘yish uchun svet yo‘q ekan.

Rahbarlar Boysunning xalqi to‘g‘risida qiziqmayapti. Mayli, biz yoshimizni yashaganmiz, lekin bolalar-chi? Boshqa joylarni yopmasa ham, bog‘cha bilan maktabni yopish kerak. Bolalarni himoya qilishi kerak-da. Eshik-derzalarini yopganimiz bilan baribir u hiddan himoyalanib qolmaymiz. Gaz butun Boysunga tarqalmoqda.


“Hech bo‘lmasa bolalar va homiladorlar uchun yordam choralari ko‘rilishi kerak”

O‘qituvchi

Markazda yashayman. Vaziyat yaxshi emas. Badbo‘y hid soatlab ketmayapti, nafas olishga qiynalyapmiz, tomog‘imizda tinimsiz achishish bor. Havo yetishmaganidan odamlar hushidan ketib qolyapti. Quduqni yopish uchun Xitoydan mutaxassislar chaqirishibdi, lekin hozircha yopisholmagan emish.

Onamning mazalari yo‘q, bosh og‘rig‘i bilan qusib yotibdilar. Maktablarda o‘quvchilar ham nafas olishga qiynalyapti. Bugun ham bir necha o‘quvchining mazasi qochdi, uydagilari kelib olib ketdi. Davlatimizdan hech bo‘lmasa bolalar va homiladorlar uchun alohida choralar ko‘rilishini so‘ragan bo‘lardim.


“Har kuni tez yordam mashinalari gaz chiqqan hududga qarab ketyapti”

Kofrundan 20 daqiqalik masofada yashovchi ayol

Gaz hidi kuniga uch-to‘rt marta chiqadi, juda o‘tkir, chidab bo‘lmayapti. Hididan boshog‘riq bo‘lganmiz. Niqob taqib yurish kerak, degan gaplarni ko‘chadan eshitdim, lekin hech qanday rasmiy ogohlantirish berilmadi.

Uyim va Kofrun qishlog‘i orasi taxminan 20 daqiqalik masofa. Kofrun va boshqa yaqin qishloqlardagi aholi uzoqroqdagi og‘a-inilarinikiga ko‘chirib yuborilgan. Hid to‘g‘ridan-to‘g‘ri boradigan joylarda esa aholi yashashda davom etyapti.

Shaharda tez yordam mashinalari juda ko‘p qatnay boshlagan. Qayerga borishini bilmayman, lekin gaz chiqqan yo‘lga qarab ketadi.

Eshitishimizcha, Boysun gazining zararli moddalari havodan yo‘qolmas ekan, yerda aylanib yurar ekan. Davlatdan gazni yopib ketishlarini iltimos qilardim. Hammalariga Alloh kuch-quvvat bersin.


“Kofrunni tozalashga olib borilgan ayollarning mazasi qochgan”

Gaz qudug‘idan 17 kilometr uzoqda yashovchi erkak

Gaz chiqishi yuz bergan quduqdan 17 kilometr uzoqda turaman. Tush vaqti va kechki soat kechki olti-yettilarda gaz hidi kuchli chiqadi. Shu vaqtlarda yosh bolalarni uydan tashqariga chiqarmayapmiz. Bugun [9-sentabr kuni] “Toza hudud” [obodonlashtirish] korxonasidan 15 nafar ayol-qizlarni Kofrun qishlog‘ini tozalashga olib borishgan. Hammasining mazasi qochgani haqida eshitdim.


“„Boysunni ko‘chirisharkan“ degan gap yuribdi”

Boysunlik

Xalq orasida “Boysunni ko‘chirisharkan”, degan gap bor, lekin bu gap qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri, bilmayman. Shukrki, biz tomonda hammasi yaxshi. Hid har kuni kelmaydi — shamol bilan bir kelib, yarim soatga qolmay ketadi.

“Robot keltirilgan, gaz chiqayotgan joyni yopishga harakat qildi, lekin erib ketdi”, degan gaplar ham chiqdi.

Kofrunga yaqin Rabot degan shaharchada ahvol juda yomon. Aholi evakuatsiya qilinmagan, qanday himoyalanish kerakligi haqida ham ogohlantirilmagan. O‘sha yerda yashaydigan qarindoshlarimiz gaz hidiga chidolmaganidan biznikiga keldi.


“Odamlar aniq va ishonchli axborotni kutyapti”

Boysun shahrida yashovchi ona

Boysun shahrida yashayman. Necha kilometrligini aniq bilmaymanu, Kofrun bizdan ancha uzoq. Lekin gaz hidi bizga ham kelyapti. Shamol bo‘lgan vaqti hid ham kuchayadi. Bu oddiy hid emas-da, juda o‘tkir, umuman chidab bo‘lmaydi. Onda-sonda sezilmay ham qoladi.

Bugun [9-sentabr kuni] peshingacha o‘zimning ham, farzandlarimning ham boshimiz qattiq og‘ridi. Hid kelganda eshikni yopib olamiz, lekin tashqariga ikki, hattoki bir daqiqa chiqib qolsak ham boshimizga og‘riq kiradi.

O‘zi holat haqida batafsil ma’lumotga ega emasman. Uydaman. Telefondan kuzatyapmiz, davlatdan ham, yangilik uzatuvchilardan ham hech qanday axborot yo‘q. Boshqa odamlar qanaqa chora ko‘rishyapti, bundan ham xabarsizmiz.

Agar shu ketishda bo‘lsa, biz ham qayergadir ko‘chishni o‘ylab turibmiz. Lekin sharoitimiz yo‘q. Bilmadim, Termizgami yoki biror joydan kvartira olibmi, chiqib ketmasak, boshqa yo‘l ko‘rmayapman.

Kofrundan uncha uzoqda bo‘lmagan qarindosh-urug‘larimizdan boshlari og‘riyotgani, qon bosimlari ko‘tarilib, lanjlashayotganlarini eshitaman. Boshqa tuman, viloyatlarda tanishi, qarindoshi yo‘qlar hududni tark etolmay o‘tiribdi.

Hamma yashash joyi masalasida ikkilanib qolgan, hech kim hech qanday qarorga kelgani yo‘q. Lekin holat shu tariqa ketishi yoki to‘xtatilishi haqida bizga aniq ma’lumot berishlarini juda xohlardik. Masalan, bir-ikki oy shu tartibda ketadi, boshqa hududga ko‘chib o‘tinglar, deb ogohlantirishsa, taraddudimizni ko‘rardik.

To‘g‘ri, hozir bu hiddan yotib qolmayapmiz, lekin bolalarimiz ham, o‘zimiz ham organizmimizga bu zaharli havoni yutyapmiz-da. O‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmasa kerak.


“Aholiga respirator yetkazib berish kerak”

70 yoshli onaxon

Kofrundan taxminan 16−20 kilometr uzoqlikda yashayman. 1-sentabr kuni gazli havodan nafas olganimda kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishdan aziyat chekdim, nafas olishim qiyinlasha boshladi.

Yoshim 70 ga yaqinlashgan, yurak-qon tomir kasalligim bor hamda surunkali bronxitdan aziyat chekaman. Shuning uchun ham gaz hidini sezganim hamon xonani, eshik-derazalarni yopaman. Toki shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, gaz hidi ketguncha xonadan chiqmay o‘tiraman. Zarurat yuzasidan chiqishga to‘g‘ri kelsa, niqob yoki sochiq bilan og‘iz-burnimni yopib yuribman.

Menimcha, aholiga yaxshi, sifatli respirator yetkazib berilishi kerak, oddiy tibbiy niqoblar yaxshi yordam bermayapti.


“Gaz asta-sekin organizmni yengyapti”

Kofrundan 30 kilometr uzoqda yashovchi ayol

Vaziyat og‘ir. Gaz yomon ta’sir qilyapti. Ayniqsa, yosh bolalar va keksalarga. Men talafot bo‘lgan joydan taxminan 30 kilometr uzoqda yashayman. Hidi kuchli, holsizlik, bosh og‘rig‘i va o‘pkaga ta’siri juda bilinyapti.

Atrof-muhit 100 foiz ifloslangan desam yolg‘on bo‘lmas. Aholi himoyaga muhtoj, ayniqsa, o‘sha gaz chiqayotgan hududga yaqin yashaydiganlar. Vaziyat kundan-kunga yomonlashayotgani bizga yaqqol sezilyapti. Gaz bora-bora organizmni yengmoqda.

To‘g‘ri, gazni yopishga harakat ham qilishayotganini aytishdi, lekin sezilarli natija ko‘rmadik. Davlatimizdan gazni tezroq yopib, muammoni bartaraf qilishlarini so‘rardik.


“Hali odamlarning ahvoliga qiziqishgani yo‘q”

Kofrundan 10 kilometr uzoqlikda yashovchi ayol

Kofrundan 10 kilometr uzoqda turamiz. Ahvol yomon. Ko‘chib ketaylik desak, sharoitimiz yo‘q. Davlat hali odamlar bilan qiziqqani yo‘q. Umuman, ekologiya buzilib ketgan, sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazyapti. Ayniqsa, tushlik payti keladigan hidiga chidab bo‘lmaydi, hovliga chiqishning umuman iloji yo‘q.

Gaz bilan bog‘liq holat qay darajada jiddiyligini bilish uchun o‘sha atrofda yashashning o‘zi kifoya. Na kechamiz, na kunduzimizda halovat bor. Boshimiz kasallikdan chiqmay qoldi. Barcha savollarimiz javobsiz qolyapti. Xalqni yaxshi so‘z bilan ovutib qo‘yishyapti, lekin holat yomonlashsa yomonlashyapti-ki, yaxshilanayotgani yo‘q.


“Karantin e’lon qilinishi zarur”

Kofrundan 10 kilometr uzoqlikda yashovchi qiz

Bizning uyimizda vaziyat yaxshiroq deb ayta olaman. Mahallamiz Kofrundan 10−11 kilometr uzoqda va chuqurlikda joylashganligi sabab, shamol gaz hidini tepalikka olib chiqib ketadi. Lekin hid yo‘q ham deyolmayman, ora-sira keladi. Shunaqa payt eshik-derazalarni tezda yopib, ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilamiz.

Voqea qanday sodir bo‘lgani haqida aniq ma’lumotim yo‘q. Gaz chiqishni boshlaganini qarindoshlari Kofrunda yashaydigan qo‘shnimizdan eshitib qoldim. Zudlik bilan evakuatsiya qilish haqida xabar kelib tushgach, ular sarosimaga tushib, qarindoshlariga murojaat qilgan.

Rahbarlardan ayni kunlarda Boysunda karantin e’lon qilishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki hozir maktablar, o‘quv markazlari, ish joylarida darslar va ishlar davom etayotgani uchun hamma ko‘chaga chiqishga majbur, ko‘chada esa ahvol tang.

Hozir tashqariga chiqib keldim, hidiga chidab bo‘lmaydi. Bizga o‘xshaydigan pastlikdagi mahallalarda unchalik sezilmayotgan bo‘lishi, shamol bo‘lganda hidni olib ketayotgan bo‘lishi mumkin, lekin ko‘chada yurib bo‘lmaydi. Darsda ham o‘quvchilar bitta joyda o‘tiradi, ishchi xodimlar ham o‘tirib ishlaydi — ular juda qiynaladi. Imkon qadar odamlarning ko‘chaga chiqmasliklarini ta’minlash kerak.


“Esiz Boysunim”

60 yoshli ayol

Boysun shahrining o‘zida turamiz. Ahvol yaxshi emas, aholi vahimada. Tomog‘im achishib, o‘ta kuchli bosh og‘rig‘i bilan yuribman. Oldin tuppa-tuzuk edim, chaqqon-chaqqon ishlardim, hozir tushkunlikka tushganimdan kechasi bilan uxlolmayapman. Turmush o‘rtog‘imning sog‘lig‘ida avvaldan muammolari bor edi, hozir yanayam og‘irlashgan.

Maktab bolalari boshi, oyog‘i og‘riyotgani haqida tinimsiz aytyapti. Bittagina o‘g‘il nevaram bor. Hali tuzuk-quruq tili chiqmagan shu bolani o‘ylayman. Bir yeri og‘risa — aytolmasa, gazlansa — aytolmasa.

Davlat tomondan hech qanday choralar ko‘rilgani yo‘q. “Mana bunday ehtiyot choralarini ko‘ringlar, mana bu dorilarni ichinglar, niqob taqinglar”, degan tavsiyalar, ogohlantirishlar ham berilmadi.

Odamlar bosh og‘rig‘i, tomoq achishishi, oshqozon og‘rig‘i, lanjlik bilan yuribdi. Masalan, bugun o‘zimning tomog‘im, ko‘zlarim achishib, ikki ko‘zimdan tinimsiz yosh oqdi.

Shu gazni yopib tashlash kerak. O‘zi bu nimaga kerak, biz bechora xalqqa nima foydasi bor? Umuman yopib tashlasin, yo‘q qilsin.

Shunday jannatmakon Boysunimiz bor edi. Havosidan maza qilib nafas olardik, suvidan hech kim to‘ymasdi. Qani ular? Esiz, Boysunimiz! Esiz, Boysunim-a?!


Tuzatish: Maqolaning dastlabki talqinida Kofrun aholi punktining nomi “Kofirun” tarzida xato berilgan edi. Xatolik uchun uzr so‘raymiz.