O‘zbekiston “ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin va konstruktiv hamkorlikka doimo tayyor”. Bu haqda 9-sentabr kuni Toshkentda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ishtirok etgan hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.

Rekord ko‘rsatkichlar

Foto: government.ru.Foto: government.ru.

Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi iqtisodiy va eng yirik sarmoyaviy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda, dedi Abdulla Aripov. So‘nggi yetti yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar ko‘paydi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, u 10 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash yana 30 foizga yuqoriladi.

“Shu bilan birga, o‘zaro yetkazib berish tarkibi sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hisobiga” — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.

Prezident Vladimir Putinning may oyida Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini 2030-yilga borib 30 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ygandi. “Buning uchun kooperatsiya va import o‘rnini bosish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish muhim”, — dedi u.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda 3000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Loyihalar portfeli 60 milliard dollardan oshdi. Tog‘-kon, metallurgiya, energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Abdulla Aripov.

“Biz Rossiya Federatsiyasining yetakchi korxonalari bilan kooperatsiyani yanada kengaytirish niyatidamiz. Davlat rahbarlari tashabbusi bilan qo‘shma investitsiya platformasi yaratildi. Bu, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi o‘zaro manfaatli muhim infratuzilma va sanoat loyihalarini moliyalashtirish uchun xizmat qiladi”, — dedi u.

Mintaqaviy darajadagi hamkorlik doirasida yil yakuniga qadar 100 dan ortiq o‘zaro tashriflar tashkil etilishi rejalashtirilgan. “Bizda tarixda hali bunaqasi bo‘lmagan. Idoralarimiz va hududlarimiz Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi, Kavkaz investitsiya forumi, Qozon forumi, “Innoprom”da faol ishtirok etdi”, — dedi hukumat rahbari.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishi transport-tranzit hamkorligi hisoblanadi, deya davom etdi u: “Biz mamlakatlarimizga mahsulot sotishning istiqbolli bozorlarini ochish imkonini beradigan yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirishdan manfaatdormiz”.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar soni haftasiga qariyb 300 ta reysga yetdi. Bizda dunyoning boshqa hech bir mamlakati bilan bunday ko‘rsatkich yo‘q. Geografiyasi kengayishda davom etayotgan temiryo‘l yo‘lovchi qatnovi to‘liq tiklandi”, — dedi Abdulla Aripov.

O‘tgan yili O‘zbekistonga 700 mingdan ortiq rossiyalik sayyoh tashrif buyurgan. “Bu — rekord ko‘rsatkich. O‘zbekistonga har o‘ninchi sayyoh Rossiya Federatsiyasidan kelgan”, — dedi u.

Mamlakatlar o‘rtasida “iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning uch darajali noyob tizimi” shakllantirildi: hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya va idoralararo darajadagi kichik komissiya. “Yaratilgan hamkorlik mexanizmi o‘z samarasini amalda isbotlaydi, deb hisoblaymiz”, — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.

“O‘zbekiston — Rossiyaning ishonchli hamkori”

Foto: government.ruFoto: government.ru

Mixail Mishustin O‘zbekistonni “Rossiyaning ishonchli hamkori” deb atadi: “Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi. Biz iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faol ravishda kengaytirmoqdamiz”.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomonining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili tovar ayirboshlash 11,5 foizga (820 milliard rubldan ortiq), joriy yilning birinchi yarmida esa deyarli 9 foizga oshgan. “O‘ylaymanki, bizda [30 milliard dollarlik savdo aylanmasiga erishish bo‘yicha strategik maqsadni] amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud”, — dedi Rossiya hukumati rahbari.

Mixail Mishustin “mintaqalararo aloqalar mustahkamlanib, turli sohalarda, jumladan, qo‘shma sanoat zonalari kabi yangi ommabop loyihalar amalga oshirilishiga” umid bildirdi. U, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash va “yuk va yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish uchun” ishonchli xalqaro logistika yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: gov.uzFoto: gov.uz

Rossiya bosh vaziri sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va eksport-import zanjirlarini kengaytirishni istiqbolli yo‘nalishlar deb atadi. U shu kuni tashrif buyurgan “Texnopark” kompaniyasidan hayratda qolganini ta’kidladi. Bu yerda sobiq TAPOiCh zavodi hududida 17 ta ishlab chiqarish mavjud: muzlatkichlar, gazni hisobga olish asboblari, sovitish tizimlari, liftlar va eskalatorlar, suv nasoslari, alyuminiy kompozit panellar, radiatorlar, metall konstruksiyalar va sendvich panellar, kir yuvish mashinalari va boshqalar.

“Bu o‘zbek do‘stlarimizning kattagina ishi va u haqiqatan ham sanoat ishlab chiqarish hajmi, shuningdek, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari nuqtai nazaridan ajoyib natijalarni ko‘rsatmoqda”, — dedi Mixail Mishustin.

U Rossiya biznesi O‘zbekiston iqtisodiyotiga faol sarmoya kiritayotganini ta’kidladi. “Rossiyalik riteylerlar va elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar “tez sur’atlar bilan o‘z ishtirokini oshirmoqda”. “Energetika sohasidagi hamkorlik, jumladan, O‘zbekistonga Rossiyadan tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. “Rosatom” kompaniyasi ishtirokida tinchlik atomi bo‘yicha hamkorlikni amaliy darajaga o‘tkazmoqdamiz”, — dedi Rossiya hukumati rahbari.

“Biz boshqa yo‘nalishlarni ham rivojlantirishni taklif qilamiz. Polimerlarni yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etish, fuqaro uchuvchisiz uchish tizimlari va ularning tarkibiy qismlarini mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz. O‘zbekistonda temiryo‘l mashinasozligi sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha prinsipial qaror qabul qilindi”, — dedi u.

“Biznes uchun qo‘shimcha imtiyozlar yangi savdo bozorlarini ochish, adolatli raqobat uchun shart-sharoitlarni shakllantirish orqali O‘zbekistonning Yevroosiyo integratsiyasida ishtirok etishiga imkon beradi”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya bosh vaziri.

Foto: gov.uzFoto: gov.uz

U gumanitar aloqalarni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. “Biz mamlakatlarimizni birlashtiruvchi do‘stlik va o‘zaro hurmat an’analarini qadrlaymiz. Umumiy tarixga juda ehtiyotkorona yondashamiz”, — dedi Mixail Mishustin. U G‘alaba bog‘iga borib, “bog‘ bizda kuchli taassurot qoldirdi” deya ta’kidladi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro sayyohlar oqimi 2 barobarga oshib, 1,2 million kishiga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmida u yana 12 foizga oshdi, dedi Mishustin. Ushbu ko‘rsatkichlarni oshirishga “ushbu sohadagi kelgusidagi muvofiqlashtirilgan harakatlar, Rossiyada O‘zbekiston turizm yilini o‘tkazish” yordam beradi. 24-sentabrdan Moskva va Toshkent o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tiklanadi.

Mixail Mishustin komissiya yig‘ilishining yakunlari “hamkorligimizga qo‘shimcha turtki berishiga”, “Rossiya va O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga va, eng muhimi, fuqarolarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishiga” ishonch bildirdi. “Biz aynan shu maqsadda ishlayapmiz”, — dedi u.