O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi sentabr oyi oxirigacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-sentabr kuni parlament quyi palatasi yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanov ma’lum qildi. “Gazeta.uz” bu mavzuga e’tibor qaratdi.

Deputat Umida Rahmonovaning ma’lum qilishicha, 2023-yilda korrupsiya jinoyati uchun sudlangan 566 nafar shaxs davlat xizmatiga qaytadan ishga kirgan va korrupsiya jinoyatlarini qayta sodir etgan. U korrupsionerlar reyestri qachon ishga tushishi borasida savol qo‘ydi.

Reyestrni ishlab chiqish prezidentning 2021-yil 6-iyuldagi qarorida belgilangan. Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kiritilishi;
  • ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;
  • davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.

Reyestr to‘g‘risidagi qonun loyihasini uch oy muddatda kiritish topshirilgandi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burxanovning aytishicha, agentlik ushbu hujjat va reyestrni yaratish ustida ish olib bormoqda. Unga ko‘ra, qonun loyihasi 2022-yil boshida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2023-yilda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan ma’qullangan.

“Joriy yil boshida biz loyihani Prezident administratsiyasiga kiritgandik, lekin administratsiya tomonidan bir qator e’tirozlar [bildirildi] va xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda [hujjatni] yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatildi. Biz bu vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik. Shu kunlarda biz yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirdik. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringizga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtoqlari va voyaga etmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiyalash joriy etilishi kerak edi.

2021-yil 13-noyabrda qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgandi. Biroq hukumat qonun loyihasini parlamentga taqdim etmagan, deya qayd etgandi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi.

2024-yilning may oyida agentlik rahbari Akmal Burxanov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida qonun deyarli tayyorligini ma’lum qilgandi.

“Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun” loyihasini ishlab chiqqanmiz. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishganmiz. Adliya vazirligidan ekspertizadan ham o‘tkazilgan. Qonunimiz deyarli tayyor, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, biz qonun bilan bir qatorda tizimni yaratish ustida ham ishlayapmiz", — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasi tajriba tariqasida hamma xodimlarining deklaratsiyalarini kiritmoqda.