O‘zbekiston va Rossiya energetika vazirliklari Rossiyaning “Tizim operatori"ni Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga (MO YAET) qo‘shishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi doirasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilyov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozdi TASS.

“Tizim operatori” — Rossiyaning yagona energiya tizimida markazlashtirilgan tezkor dispetcherlik nazoratini amalga oshiradigan ixtisoslashtirilgan tashkilot.

“Bugun ikki vazirlikning muammoni tez hal etishni qo‘llab-quvvatlash so‘ralgan qo‘shma bayonoti bo‘ldi. Markaziy Osiyoda biz hali a’zo bo‘lmagan alohida energetika tizimi mavjud. Lekin Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimini birgalikda boshqarish uchun ["Tizim operatori"] kelishi kerak, biz u bilan bog‘langanmiz. O‘zbekiston tomoni buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Buni yaqin kelajakda amalga oshiramiz”, — dedi Rossiya energetika vaziri.

Sergey Sivilyovning qo‘shimcha qilishicha, bu tashabbus nafaqat elektr energiyasini tijoriy eksport qilish, balki mamlakatlar o‘rtasidagi oqimlarni boshqarish bilan ham bog‘liq bo‘lib, bu energiya tizimlarini tanqislik, tabiiy omillar va yuqori yuklanishlarda tezda muvozanatlash imkonini beradi.

“Agar to‘satdan kimdir bilan nimadir yuz bersa, biz muvozanatni saqlash uchun mamlakatlarning ehtiyojlarini oqimlar bilan tezda qo‘llab-quvvatlay olamiz. <...> Bu tizim xavfsizligini to‘g‘ri ta’minlashimiz uchun muhim”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov (TASS'dan iqtibos).

O‘zbekiston Energetika vazirligi press-relizida ushbu kelishuv haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Xabarda aytilishicha, vazirlar ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, yoqilg‘i-energetika kompleksiga investitsiyalarni jalb qilish hamda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish singari masalalarni muhokama qilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida energetika aloqalarini izchil mustahkamlash” borasida takliflar bildirilgan.

“Gazeta.uz” Energetika vazirligi matbuot xizmatiga Rossiyaning Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shilishi mumkinligi masalasi bo‘yicha so‘rov yubordi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq RFda elektr energiyasi eksporti-importi bo‘yicha yagona operator bo‘lgan “Inter RAO” O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qilgandi. Yetkazib berish kuzda boshlanishi mumkin.

Hozirda Markaziy Osiyo energetika tizimiga O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Janubiy Qozog‘iston va Turkmaniston kiradi. May oyida Tojikiston ham tizimga qo‘shilishi ma’lum bo‘lgandi.

Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘istonning yagona energetika tizimi (YAET) 1970-yillarda yaratilgan. U Toshkentdagi muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, irrigatsiya davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini beradi.