10-sentabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan bo‘yoq ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi. Tarmoqlarda yong‘in aks etgan videolar tarqaldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar qilishicha, holat soat 14:15 da Erkin mahallasida joylashgan sex binosida yuz bergan. Yong‘in ekipajlar tomonidan soat 17:00 da qurshab olinib, soat 18:56 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida jarohat olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi.

Yong‘inni bartaraf etish jarayoni favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev nazoratida amalga oshirildi, deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.