Madrid ma’muriyati Lime, Dott va Tier kikshering kompaniyalarining faoliyat litsenziyalari bekor qilinganini ma’lum qildi. Natijada Ispaniya poytaxtida elektr samokatlarni ijaraga berish xizmatlari qolmadi, deb xabar bermoqda CNN.

“Bizning ustuvor vazifamiz — Madrid aholisining jismoniy yaxlitligi va xavfsizligi. Shahar ko‘chalarida elektr samokatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalarning ruxsatnomalarini bekor qilamiz. Ular biz piyodalar, ayniqsa, qariyalar xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘ygan shartlarga rioya qilmadi”, — deb yozdi shahar meri Xose Luis Martines-Almeyda.

Madrid shahri kengashining ta’kidlashicha, uchala kikshering kompaniyasi 2023-yil may oyida berilgan litsenziyalar shartlarini buzgan. Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, ular o‘z faoliyatini tekshirishga to‘sqinlik qilgan, hokimiyatga kerakli ma’lumotlarni taqdim etmagan va ularning o‘z interfeyslariga kirishini ta’minlamagan.

Bundan tashqari, kompaniyalar barcha samokatlar uchun shahar bo‘ylab xizmat ko‘rsatish va sug‘urta qoplamasini ta’minlay olmadi, shuningdek, muayyan hududlarda harakatlanish va to‘xtashni taqiqlovchi texnologiyalarni joriy etmadi.

Avvallari kompaniyalarning har biri 2000 ta elektr samokatni ijaraga berish huquqiga ega edi. oktabr oyidan boshlab ularning litsenziyalari bekor qilinadi. Xizmatlar shahar kengashi qarori ustidan shikoyat qilish uchun 20 kunga ega.

Ammo Martines-Almeyda Madrid hukumati elektr samokatlar ijarasi uchun qo‘shimcha ruxsatnomalar bermasligi haqida ogohlantirdi, chunki “bozor fuqarolar uchun kengash tomonidan belgilangan xavfsizlikning eng yuqori darajasini kafolatlovchi talablarga javob bera olmasligi aniq bo‘ldi”.

Shaharda xususiy elektr samokatlardan foydalanishga hali ham ruxsat bor, deya qo‘shimcha qildi meriya.

  • Madrid Yevropada elektr samokatlarni ijaraga berish xizmatlarini taqiqlagan birinchi shahar emas. O‘tgan yilning sentabrida mahalliy aholi shahar referendumida yoqlab ovoz berganidan so‘ng Parijda elektr samokatlarni ijaraga olish taqiqlangan edi.