Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

михаил мишустин, шавкат мирзиёев

Shuningdek, bir kun avval o‘tkazilgan qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi haqida gaplashildi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

михаил мишустин, шавкат мирзиёев

Davlat rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi, deya ta’kidladi prezident matbuot xizmati.

Rossiya hukumati saytida yozilishicha, shundan so‘ng Mishustin O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan ham uchrashdi.

“Unda ikki tomonlama hamkorlikning bir qator muhim yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi, mehnat migratsiyasi sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qaratilgan yaqin muloqotni bundan buyon ham rivojlantirishga kelishib olindi”, — deyiladi RF hukumati xabarida.