Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishining borishi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Majmua 2025-yilga mo‘ljallangan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarini o‘tkazish maqsadida qurilmoqda.
Musobaqa dasturiga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan 29 sport turi kiritilgan. O‘yinlarda qit’aning 45 davlatidan 3000 dan ortiq sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
100 gektar maydonga yoyilgan Olimpiya shaharchasida bularning barchasi uchun sharoit bo‘ladi, deyiladi xabarda. Bugungi kunga qadar 12 ming o‘rinli olimpiya stadioni, 2000 tomoshabinga mo‘ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, shuningdek, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualari qurilishi nihoyasiga yetish arafasida.
“Davlatimiz rahbari ushbu inshootlarda bo‘lib, qurilishning borishini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar ochilish marosimi va musobaqalar paytida bo‘lajak sharoitlar yuzasidan axborot berdi”, — deyiladi xabarda.
“Shavkat Mirziyoyev qulaylik va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu jarayonlarni yuqori darajada raqamlashtirish, sun’iy intellekt vositalaridan keng foydalanish lozimligini ta’kidladi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident matbuot xizmati.
Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida hokkey va yengil atletika uchun 15 ta ochiq maydon bo‘ladi. Shuningdek, muzey va ofislarni o‘z ichiga olgan ma’muriy bino, bog‘lar, sun’iy ko‘l qurish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev Xitoyning qurilish ishlarini olib borayotgan CAMC Engineering kompaniyasi vakili bilan suhbatlashdi.
Osiyo o‘yinlari yakunlanganidan keyin Olimpiya shaharchasi o‘z faoliyatini davom ettiradi va, prezident avvalroq ta’kidlaganidek, “mamlakat sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi” va sog‘lomlashtirish markaziga aylanadi.
Bu yerda Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqot instituti va Sport turlarini rivojlantirish markazi joylashadi.
Shaharcha negizida professional sportchilarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilib, hududiy sport tashkilotlari majmua infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Olimpiya shaharchasi “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida boshqariladi va “uzoq yillar xalqimizga xizmat qiladi”, deya ta’kidladi davlat rahbari matbuot xizmati.