Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar qildi.

Bu ko‘chaning uzunligi 11 kilometr, eni 86 metr bo‘lib, xabarda aytilishicha, so‘nggi yillarda eng katta yo‘llardan biriga aylangan. Shu bois davlat rahbarining 2022-yil 30-iyundagi qaroriga asosan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida ishbilarmonlik markazi qurilishi va yo‘li bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilishi belgilangan edi. Unga muvofiq, direksiya tuzilib, me’moriy konsepsiya ishlab chiqilgan.

президент, yangi o‘zбекистон кўчаси

Eslatib o‘tamiz, qaror “Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini o‘zida aks ettiruvchi poytaxtga kirib kelishda yangi arxitektura yechimlarini yaratish”ni nazarda tutadi va “aholi uchun sayr qilish va hordiq chiqarishga mo‘ljallangan barcha xizmatlarni o‘zida mujassam etuvchi yangi turarjoy massivlari qurishni jadallashtirish maqsad qilingan.

“Yangi O’zbekiston ko‘chasi” ishbilarmonlik markazi qurilishi uchun 241,93 ga hudud, shu jumladan, 198,12 ga sug‘oriladigan yerlar aholi punktlari yerlari toifasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

Loyihaga ko‘ra, ko‘chaning ikki tomonida milliy ruhga uyg‘un zamonaviy turar joylar, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari quriladi. Sayilgoh va ko‘ngilochar maskanlar, piyoda va velosiped yo‘lakchalari tashkil etiladi.

президент, yangi o‘zбекистон кўчаси

Ko‘chada “Toshkent-Sharqiy” aeroporti va Olimpiya shaharchasi ham qurilmoqda. Prezident ushbu inshootlar atrofini hamda ularga olib boruvchi yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu galgi tashrif chog‘ida shu boradagi landshaft dizayni takliflari ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ko‘chasining ikki tarafi yanada obod qilinadi. Chinor, eman, lola daraxti, katalpa, pisardiya, kiparis, hind nastarini, lavanda, Suriya atirguli kabi daraxt va butalar dekorativ shaklda ekiladi. Aeroport oldida ikkita favvora quriladi. Umuman, bu hudud Toshkentning “yashil belbog‘i”ning bir qismi bo‘ladi.

Davlat rahbari landshaft kompozitsiyasi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi. Bu yerda ekologiya, sifat va madaniyat uyg‘unlashishi kerakligini ta’kidladi.