Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Teach for Uzbekistan nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi. Shartnoma pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan 10 nafar o‘qituvchiga maktablarda ko‘ngilli sifatida ishlash imkonini berdi.

Teach for Uzbekistan — notijorat ta’lim loyihasi va Teach for All global tarmog‘ining hamkori. Uning maqsadi O‘zbekistonning chekka hududlaridagi ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, yosh yetakchi va mutaxassislarni maktab ta’limiga jalb etishdan iborat.

Finalchilarni aniqlash uchun tashkilot besh bosqichli saralash jarayonini o‘tkazdi. “Gazeta.uz” avvalroq uning bosqichlari haqida batafsil ma’lumot bergan edi. Jami 740 ta ariza ko‘rib chiqildi. Loyiha koordinatori Fyodor Sheberstov nomzodlar professional rekruterlar va katta ish tajribasiga ega o‘qituvchilar tomonidan tanlanganini ta’kidladi.

“Ko‘pchilik: „Pedagogik ma’lumoti va tajribasi bo‘lmagan odam maktabda bolalar bilan qanday qilib ishlashi mumkin?“, degan savolni beradi. Gap shundaki, biz maktab o‘quvchilarini o‘qita oladigan odamlarni tanlab olamiz. Pedagogik qobiliyatga ega bo‘lgan odamlarni qanday ajratib olishni bilamiz. Farzandim Rossiyadagi, har yili dunyoning 100 mingga yaqin maktablari ishtirok etadigan PISA dasturi [Xalqaro o‘quvchilar bilimini baholash dasturi]da 25-o‘rinni egallagan maktabda o‘qigan. Bu maktabda pedagogik ma’lumotli birorta o‘qituvchi yo‘q edi”.

Tanlovning yakuniy bosqichi finalchilar uchun besh haftalik pedagogik trening bo‘ldi. Dastur Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. O‘qituvchilar eng yangi pedagogik metodlar yordamida “yumshoq” qobiliyatlarni rivojlantirish usullari, aktyorlik va boshqa fanlar bo‘yicha o‘qitildi.

Jami 13 nafar o‘qituvchi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlaridagi maktablarga yo‘l oldi. Ulardan 10 nafari pedagogik ma’lumotga ega emas. Ular ikki yil davomida ingliz tili, matematika, kimyo, informatika, iqtisodiyot va biologiya fanlaridan dars beradi.

“Pedagogik ta’limi yo‘qligiga qaramay, ular o‘z fanini mukammal biladi, — dedi “Gazeta.uz"ga Teach for Uzbekistan’ning “Ishga olish va tanlash” bo‘limi rahbari Nigina Rahmonova. — Masalan, kimyogarlarimizdan biri Qozon neft va gaz institutini tamomlagan, matematigimiz esa — Gubkin universitetini. Ularning barchasi keng qamrovli saralash va pedagogik tayyorgarlikdan o‘tgan”.

O‘qituvchilar allaqachon maktabning barcha resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega, shuningdek, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, tahlil o‘tkazish va ta’lim darajasini oshirish uchun ruxsat oldi.