11-sentabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov boks bo‘yicha o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Parijda o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li yarim finalga chiqqanida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qilgandi.

Uchrashuvda prezident murabbiyga Munarbek Seyitbek o‘g‘lining g‘alabasiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik belgisi sifatida Tracker avtomobilini sovg‘a qildi. Japarov Hasanovning harakati Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlarining do‘stligi va hamjihatligini ulug‘laganini alohida qayd etdi.

акмал ҳасанов, boks, садир жапаров, qirg‘izистон

“Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qo‘llab-quvvatlab, hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni namoyon etishini butun dunyo ko‘rdi. Sport tinchlik elchisi, deb ataladi. Siz o‘z namunangiz bilan o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdingiz. Birligimiz yanada mustahkamlanishini tilayman”, — dedi Sadir Japarov.

Prezident Parijdagi Olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilarning yaxshi natijalarini ham ta’kidladi.

“Ota-bobolarimiz o‘z qahramonlariga tan olish belgisi sifatida ot sovg‘a qilganlar. Hozirda avtomobillarni sovg‘a qilish odat tusiga kirgan, biroq an’ana ruhi o‘zgarmay qolgan, bu beqiyos xizmatlarga hurmat va minnatdorlik ifodasidir”, — deya qo‘shimcha qildi u.

акмал ҳасанов, boks, садир жапаров, qirg‘izистон

O‘z o‘rnida, Akmal Hasanov minnatdorlik bildirib, Munarbek Seyitbek o‘g‘li bilan yig‘inlarda ko‘p marta uchrashganini va hech ikkilanmay uning sekundanti bo‘lishga rozilik bildirganini qayd etdi.

Shuningdek, u Sadir Japarovni va butun qirg‘iz xalqini munosib g‘alaba bilan tabriklab, Qirg‘iziston sportchilari navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritishini tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Akmal Hasanov avvalroq “Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi” xalqaro jamoat birlashmasi tomonidan “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlangandi.