11-sentabr kuni prezident raisligidagi kambag‘allikni qisqartirishga doir yig‘ilishda nochor oilalar farzandlariga ta’lim olishda imtiyozlar ajratish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli kishi bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini e’lon qildi.

Bunda oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80 foiz bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Shahnoza Mirziyoyeva va Ijtimoiy himoya agentligi rahbari Mansurbek Olloyorov.Shahnoza Mirziyoyeva va Ijtimoiy himoya agentligi rahbari Mansurbek Olloyorov.

Shuningdek, ushbu muassasalarga kirishda grant uchun yetarli ballning 80 foizini to‘plagan kambag‘al oila farzandlariga qo‘shimcha grant ajratiladi.

Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliygohlarning har biri yiliga kamida 1 milliard so‘mlik grant e’lon qiladi. Bu grantlar hisobidan, fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, kambag‘al oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Kambag‘al oilalar farzandlarining bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.