Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni o‘tkazgan videoselektorida tuman hokimlari, sektor rahbarlari kambag‘al oilalar xonadoniga kirib, u yerdagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsagina natija bo‘lishi ta’kidlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Odamlarga qancha yordam bermaylik, mahallalar sharoitini yaxshilamasak, kambag‘allik qisqarmaydi”,
— dedi prezident. Shu bois kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu mablag‘larning 1,2 trillion so‘mi, avvalo, eng og‘ir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi. Yana 2 trillion so‘m hisobidan eng og‘ir 500 ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi, deya aniqlik kiritildi yig‘ilishda.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun vazirlar, o‘rinbosarlari va maslahatchilari, boshqarma boshliqlaridan iborat 250 nafar rahbarga eng og‘ir mingta mahalla bog‘lab berilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatdagi 2 ming va tumandagi 12 ming nafar rahbarning har biriga 5 tadan sharoiti eng og‘ir oila biriktirilishi ma’lum qilindi.

Shu yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi va bu borada “juda katta” “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini aytdi. Jamshid Qo‘chqorovning tizimi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqishga mas’ul etib belgilandi.