Toshkent shahrida yashovchi shaxs yo‘l harakati qoidalarini 363 marta buzib, 240,8 mln so‘m qarz bo‘lgani uchun unga tegishli Spark xatlovga olindi, deya xabar bermoqda Majburi ijro byurosi matbuot xizmati. Bu yo‘l harakati qoidalarini buzish soni bo‘yicha yangi antirekord, deyiladi unda.

MIB Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvida YHXBning qarorlariga asosan, fuqaro A.K.ga nisbatan 363 ta ijro hujjati bo‘yicha 240 mln 872 ming so‘m miqdoridagi jarimalarni undirish belgilangan.

Biroq u katta miqdordagi jarimalar borligini bilsa ham jarimalarni to‘lashdan bosh tortib yurgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida fuqaro nomida bo‘lgan Spark mashinasiga qidiruv e’lon qilingan. Haydovchi mashinani Sergeli tumanidagi “Toshkent indeks” bozoriga sotish uchun olib chiqqanida topilgan, so‘ngra avtomobil xolislar ishtirokida xatlangan.

Hozirda Spark`ni qarzdorlikni qoplash uchun auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.